O‘zbekiston davlat san’at muzeyi faoliyatini to‘xtatdimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi faoliyati to‘xtatilgani xususida xabarlar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik san’at dargohlaridan biri bo‘lib, muzey fondida 100 mingdan ortiq asl va noyob eksponat saqlanadi. Ushbu eksponatlar davlatimizning bebaho madaniy boyligi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, muzey binosi 1974 yilda qurilgan bo‘lib, o‘sha davrda o‘rnatilgan muhandislik-kommunikatsiya tizimlari (elektr ta’minoti, sovuq va issiq suv quvurlari, isitish va sovitish tizimlari) hozirgi kun talablariga javob bermaydi. Bu holat muzey ashyolari xavfsizligi hamda tashrif buyuruvchilar uchun shart-sharoitlarni ta’minlashda jiddiy muammolarni keltirib chiqargan.
Shu sababli, davlatimizning bebaho madaniy boyligini asrab-avaylash va ehtimoliy zararlarning oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligining 2023 yil 5 iyuldagi tegishli buyrug‘i asosida muzey binosida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Shu sababli muzey faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Ayni paytda muzeyda videokuzatuv, yong‘in xavfsizligi va signalizatsiya tizimlarini yangilash, muhandislik tarmoqlarini to‘liq almashtirish, yerto‘la va muzey ashyolari saqlanadigan zaxiraxonalarni kapital ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlar davlat byudjeti hamda Madaniy meros agentligi jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA