O‘zbekiston butun turk olamining g‘urur-iftixoridir
O‘zbekiston zamini shunchalik qadimiyki, unda ilk turk qabilalari paydo bo‘lgan, hukm surgan, dunyoning chor tarafi uzra o‘ktam yoyilgan. Hozirgi zamonaviy turk siyosatchilari, olimlari, umuman turk xalqining aksariyati bir ovozdan O‘zbekistonni «ota yurti»miz deb faxrlanadi, ulug‘laydi.
Zaminimizda insoniyat tamadduni sivilizatsiyasining ilk namunalaridan tortib, butun olamni hozirgacha hayratga solib kelayotgan renessanslar silsilasi bardavom bo‘lgan. Xalqimizning ajdodlari o‘zlarining barcha sohalardagi buyukligi bilan butun bashariyat rivoji va taraqqiyotiga beqiyos xizmat qilgan va ziyo taratgan.
Tabiiyki, buning hammasi butun turk olamining ham g‘urur-iftixorini matritsasi, mustahkam poydevoridir. Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz turk adabiy tilini, lug‘atidan tortib, shakli-shamoyilini belgilab ketganlar.
Islom davlatlaridan birida ikki arab davlati arbobining qiziq bahsi bo‘lgan edi. Biri «Biz arablar sizlarga muqaddas islom dini bilan islom madaniyatini tuhfa qilganmiz», deganida, boshqa bir arab donishmandi unga: «Biz arablar hali ko‘chmanchi qabila bo‘lib, ufqda ko‘ringan xurmo daraxtini topib, undagi mevasini tanovul qilib, tuya suti ichib yurgan davrlarda o‘zbeklar kitob qo‘lyozmalar bitishgan, o‘zbeklarga nisbatan bunday gaplarni so‘zlash mutlaqo o‘rinsiz», deya o‘z hamkasbiga dashnom bergan edi.
Ko‘hna qo‘lyozmalar va kitoblarni varaqlaganimizda, eksponatlar va epigrafikali me’moriy yodgorliklarni ko‘zdan kechirganimizda, bunga bevosita guvoh bo‘lamiz. Ushbu meros xazinalari hamisha xalqaro hamjamiyat va ayniqsa, turkiy xalqlar ziyolilarini ilmiy qiziqishlariga sabab bo‘lib kelgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ko‘p asrlik tarixga ega madaniy merosimizni asrab-avaylash, muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, mamlakatimiz, qolaversa, dunyo miqyosida keng targ‘ib qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentning, Vazirlar Mahkamasining qator farmon va qarorlari e’lon qilindi. Tabiiyki, bu madaniy meros boyliklari avvalambor o‘zbek xalqining, qolaversa, butun turkiy xalqlarning, keng ma’noda olganda esa insoniyatning g‘ururini ifoda etadigan o‘lmas boylik, tarixiy va madaniy merosdir.
MAS’ULIYAT YUKLAYDIGAN TAKLIFLAR
Bu harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdagi sammitida turkiy xalqlar kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surdi. Buning uchun butun turk olami o‘zbek xalqi yetakchisidan minnatdorligini yashirmadi.
Davlatimiz rahbari tarixiy ahamiyatga ega o‘z nutqida qadimiy Xiva va Qo‘qon shaharlarida bo‘lib o‘tgan turkiy tilli davlatlar madaniyat va turizm vazirlarining samarali uchrashuvlari, turk dunyosi xalqlari naqadar boy tarixiy hamda madaniy merosga ega ekanini alohida ta’kidlab, turizm sohasida Kengashga a’zo mamlakatlarda katta imkoniyatlar borligiga urg‘uladilar.
«Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash va restavratsiya qilish hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan «yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqishni taklifi o‘z tarixiga chinakam mehr va muhabbatning yuksak timsolidir.
Shuningdek, sammitda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Turkiy dunyo birligiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish haqidagi qarori qabul qilindi.
Ma’lumki, har bir sivilizatsiya ilm-fan, yaratuvchilik, iqtisodiyot, siyosat va madaniyatda jahon tamaddunida qoldirgan izi bilan baholanadi. Shu ma’noda, o‘rta asrlarda olimlar, fuzalolar, ilohiyotshunoslar, quruvchi-me’morlar va hunarmandlarning bir necha avlodini yetishtirgan, ularning quvvati-hofizalari bilan o‘lmas asarlar, kashfiyotlar, san’at asarlari bunyod etilishiga sababchi bo‘lgan islom sivilizatsiyasining jahon tamaddunida, xususan, turk dunyosida tutgan o‘rni beqiyosdir. Ushbu sivilizatsiyaning allomalari qoldirgan bebaho ma’naviy meros ichida ajdodlarimizning o‘rni ham muhim va salmoqlidir.
Jumladan, Prezidentimizning O‘zbekistonda mushtarak tariximiz va madaniyatimizga oid 200 mingga yaqin noyob qo‘lyozmalar mavjudligi va ularni o‘rganib kelajak avlodga yetkazish kerakligi haqidagi ajoyib tashabbus bizni ham ilhomlantiribgina qolmay, katta mas’uliyat ham yukladi.
Anjumanda ilgari surilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Turkiy xalqlar tarixi va madaniyatiga oid nodir asarlarni birgalikda o‘rganish, ularni tarjima qilish, yagona elektron bazasini yaratish, bu sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida «Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazi»ni tashkil etish taklifi yuqoridagi tashabbuslarning mantiqiy va to‘ldiruvchi davom bo‘ldi.
«Zar qadrini – zargar bilar» deydi dono xalqimiz. Prezidentimiz turk dunyosi uchun madaniy merosni saqlab qolish borasida mutlaqo yangi format, shakl, ya’ni navigatorni taklif qildi. Bu ham Uchinchi Renessans ostonasida turgan O‘zbekiston turk olamining madaniy meros markazlaridan biri bo‘lib qolaverishini yana bir isbotidir.
Buning uchun yangi O‘zbekistonda ulkan imkoniyatlar eshigi butun turk olami madaniyatshunos va san’atshunoslari uchun ochiq demakdir. Bu salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish esa barcha turkiy olamni ma’naviy ruhiy va madaniy boyishiga dasturi amal bo‘lib xizmat qiladi, qardosh ellar va kelgusi avlodlar, umuman butun dunyo ahliga ularni yetkazishga muhim hissa qo‘shadi.
Tursunali Qo‘ziyev,
Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori vazifasini bajaruvchi, akademik