O‘zbekiston bo‘yicha sifatli foto va video qidirib sarson bo‘lish davri tugadi
Kontent markazi O‘zbekistonning boy madaniyati, go‘zal tabiati va zamonaviy qiyofasi aks etgan Markaziy Osiyodagi ilk media bank — Aura.uz platformasini test rejimida ishga tushirdi.
Shu paytgacha, internetdan, xususan, Google yoki boshqa qidiruv tizimlaridan O‘zbekistonga oid chiroyli, sifatli rasm yoki video qidirilganda sifati rasvo, yoki ustida qanaqadir yozuvlar, logotiplar bo‘lgan kontentlar chiqib kelardi. Ayniqsa hududlar bo‘yicha yoki dron orqali olingan zamonaviy tasvirlarni topish — alohida azob edi.
Mana shu dolzarb muammoni hal etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan Aura.uz platformasi taqdim etildi.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizning ijobiy imijini mahalliy va xalqaro auditoriyaga yuqori sifatli vizual kontent orqali keng targ‘ib qilishdan iborat. Bu esa global tarmoqda O‘zbekiston haqidagi professional foto va video materiallar hajmini 1000 barobarga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Bugungi kunda Aura.uz serverlarida qariyb 6 terabayt hajmdagi ulkan ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Platformada 12 mingdan ortiq eng sara foto, video va infografik materiallar jamlangan bo‘lib, ushbu arxiv har kuni o‘rtacha 200 ga yaqin yangi kontent bilan muntazam boyitib borilmoqda.
E’tiborli jihati, bazani shakllantirishda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK), vazirlik va idoralar axborot xizmatlari hamda O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) materiallaridan keng foydalanilgan. Ya’ni shu vaqtga qadar tashkilotlarda byudjet mablag‘lari hisobidan olingan kontentlar jamlandi va saralandi. Natijada ommaga eng sifatli kontentlar foydalanish uchun e’lon qilinmoqda.
Aura.uz platformasi media sohasi vakillari uchun qator texnik qulayliklarni taklif etadi:
➖ Yuqori sifat standartlari: platformaga faqat yuqori sifatli (HD, Full HD, 4K va undan yuqori) formatdagi kontentlar joylashtiriladi.
➖ Ortiqcha belgilarsiz tasvirlar: barcha materiallar mualliflik huquqidan xoli bo‘lib, ularda hech qanday yozuv, logotip va subtitrlar mavjud emas.
➖ Formatlar xilma-xilligi: video materiallar ham an’anaviy gorizontal (16:9), ham zamonaviy vertikal (9:16) formatlarda taqdim etilgan.
➖ Mukammal qidiruv tizimi: kerakli materiallarni yil fasllari, suratga olingan vaqti (kun/tun), hududlar va sohalar kesimida osongina filtrlab topish mumkin.
Platformadagi mavjud kontentlar san’at, urbanizatsiya, sport, tarixiy obidalar, tabiat va milliy an’analar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tizimlashtirilgan. Shuningdek, davlat ahamiyatiga ega muhim materiallar, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashriflariga oid videolar hamda “Yangi O‘zbekiston” turkumidagi maxsus kontentlar alohida bo‘limlarga joylashtirilgan.
Aura.uz faqatgina tayyor kontent ulashuvchi baza emas, balki mustaqil ijodkorlar uchun ochiq maydon hamdir. Istalgan suratkash yoki videooperator o‘z materiallarini platformaga joylashtirishi mumkin. Bundan tashqari, istiqbolda platformada maxsus monetizatsiya tizimini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Aura.uz — O‘zbekistonning zamonaviy vizual qiyofasini dunyoga namoyon etuvchi va milliy media makondagi eng dolzarb muammolardan birini hal qiluvchi innovatsion platformadir. Qolaversa, ushbu platforma mahalliy va xorijiy OAV vakillari, jurnalistlar, blogerlar, dizaynerlar, media xodimlari va chiroyli kontent yaratishni xohlaganlar uchun chinakam xazina vazifasini bajaradi.