O‘zbekiston bokschilari Jahon kubogida muvaffaqiyatga erishdi
Xitoyda o‘tgan Jahon kubogida O‘zbekiston bokschilari 12 ta medal jamg‘ardi. Erkaklar terma jamoasi esa 3 ta oltin medal bilan musobaqaning eng yaxshi jamoasi sifatida e’tirof etildi.
Xitoyning Guyyan shahrida boks bo‘yicha Jahon kubogi o‘z yakuniga yetdi. Nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami 12 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Ayniqsa, erkaklar terma jamoasi yana bir bor o‘z ustunligini namoyon qildi. Vakillarimiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan erkaklar jamoalari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi (3 ta oltin, 3 ta bronza) ikkinchi, Fransiya esa uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Umumjamoa hisobida, mezbon Xitoy terma jamoasi 5 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston 5 ta oltin va 3 ta bronza medal bilan ikkinchi bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medal bilan kuchli uchlikni yakunladi.

Musobaqada O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sportchilardan Abdumalik Xalakov (-60 kg), Javohir Ummataliyev (-80 kg), To‘rabek Habibullayev (-90 kg) hamda Nigina O‘ktamova (-57 kg) chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.
Kumush medallar Asilbek Jalilov (-50 kg), Farzona Fozilova (-48 kg) va Oltinoy Sotimboyeva (+80 kg) hisobiga yozildi.
Bronza medallarga esa Akmaljon Isroilov (-85 kg), Arman Maxanov (+90 kg), Sitora Turdibekova (-60 kg) hamda Aziza Zokirova (-75 kg) sazovor bo‘ldi.

Terma jamoa muvaffaqiyatida To‘lqin Qilichev va Elshod Rasulov boshchiligidagi murabbiylar shtabi, shuningdek, tibbiy va tiklanish guruhi a’zolarining ham munosib hissasi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA