O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazida Belarus Respublikasi Tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi, kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi delegatsiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Marosimda soha mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Belarus Respublikasi delegatsiyasi, ekologik ekspertlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Memorandum ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va ekologiya sohasidagi ilmiy-amaliy aloqalarni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan. Uning asosiy yo‘nalishlari atrof-muhitga ta’sirni baholash, davlat ekologik ekspertizasi jarayonlarini takomillashtirish va zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, O‘zbekiston va Belarus ekspertlari uchun qo‘shma seminarlar, malaka oshirish kurslari va ilmiy-amaliy forumlarni o‘tkazish orqali tajriba almashishni kuchaytirish, ekologik ekspertiza jarayonlarida raqamli ma’lumotlar bazasi, onlayn tahlil tizimlari va innovatsion usullarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilish, ikki mamlakat olimlari va mutaxassislari o‘rtasida ilmiy tadqiqot loyihalarini, ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, hamkorlikda ekologik normalar va qoidalar, standartlar, uslubiy va o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqish va ekologik ekspertiza va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro tashabbuslar doirasida birgalikda ishtirok etishdan iborat.
[gallery-25851]
Shu orqali ekologiya yo‘nalishida kadrlar salohiyatini oshirish, innovatsion yondashuvlar va ilmiy yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Memorandum doirasida, shuningdek, axborot almashinuvi, malaka oshirish, ilmiy tadqiqotlar va ekspertlar uchun maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hujjatni amalga oshirish natijasida, mamlakatimiz va Belarus davlati o‘rtasida ekologik ekspertiza sohasidagi hamkorlik institutsional darajada mustahkamlanadi, xalqaro ekologik talablarga muvofiqlashgan normativ-texnik hujjatlar, standartlar ishlab chiqishda ilmiy-texnikaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimi rivojlanadi hamda ikki mamlakat ekspertlari o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi va hamkorlik platformasi yaratiladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, Belarus delegatsiyasining yurtimizga amaliy safari 23 oktyabrga qadar davom etadi. Mehmonlarning Toshkent shahridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) va Qo‘ng‘irot soda zavodiga tashrifi rejalashtirilgan.
Kamola YUSUPOVA,
Muhammad AMIN (surat), O‘zA