O‘zbekiston – Bahrayn munosabatlari izchil rivojlanmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz arab davlatlari bilan aloqalari yangi pog‘onaga ko‘tarildi. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha sohalarda faol rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashilyapti. Ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlash o‘sib, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni izchil ortib boryapti.
1981 yil 25 mayda tashkil etilgan mintaqaviy tashkilot – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, O‘mon va Bahrayn kiradi. Ushbu davlatlar uglevodorod yetkazib beruvchi yetakchi mintaqa va nufuzli jahon moliya markazi hisoblanadi.

O‘zbekistonning tuzilmaga a’zo Bahrayn bilan diplomatik munosabatlari 1992 yil 29 mayda o‘rnatilgan.
Joriy yil aprel mamlakatimizning Bahraynga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Ar-Riyod shahrida) Nodirjon Turg‘unov ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Rashid Az-Zayoniyga ishonch yorlig‘i nusxasini onlayn tarzda topshirdi.
O‘zaro suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqboli, shuningdek xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Bahrayn TIV rahbari Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, respublikamiz tashqi siyosat va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishayotganini e’tirof etdi. Ikki mamlakatni tarixiy aloqalar bog‘lab turishi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada ekanini qayd etdi. O‘zaro munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatga hissa qo‘shishga tayyorlik tasdiqlandi.
Bahrayn Podshohligi axborot agentligi BNA va qator nashrlar yurtimizga taalluqli yangiliklarni muntazam yoritib boradi. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu davlatga amalga oshirgan safari batafsil yoritildi.
Maqolalarda hamkorlikni kengaytirish niyati – siyosiy muloqotdan tortib, qo‘shma biznes loyihalarigacha e’tibor qaratilgan.
Muzokara yakunida diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim imzolangani ta’kidlangan.
B.Saidov poytaxt Manama shahrida Bosh vazir o‘rinbosari Shayx Xolid bin Abdulla Al-Xalifa hamda tashqi ishlar, moliya, milliy iqtisodiyot, sanoat va savdo vazirlari bilan uchrashgan.
Tomonlar mavjud sheriklikni mustahkamlash – siyosiy muloqotni kengaytirishdan tortib, savdo, sarmoya va institutsional tajriba almashishgacha bo‘lgan masalalarni muhokama qilgan. Mintaqaviy va global hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi ko‘priklarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari “Bahrain Mumtalakat Holding”, “Lamar Holding” va “Aluminium Bahrain” (Alba) kompaniyalari rahbarlari bilan ham muzokara olib bordi. Muhokama chog‘ida yashil energiyani rivojlantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va qo‘shma korxonalar yaratish masalalari muhokama qilindi.
“Bahrain Mumtalakat Holding Company” taxminan 18 milliard dollarlik aktivni boshqaradigan suveren boylik jamg‘armasi hisoblanadi. Jamoa moliya, ko‘chmas mulk, sanoat, transport, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida 60 dan ortiq kompaniyaga sarmoya kiritadi.
“Lamar Holding” davlat-xususiy sheriklik formatidagi yirik infratuzilma va energetika loyihalariga ixtisoslashgan kompaniya bo‘lib, ko‘rfaz mamlakatlarida energetika, suv ta’minoti, neft va gaz sohalarida loyihalar amalga oshiradi.
Dunyodagi eng yirik alyumin ishlab chiqaruvchilardan biri – “Aluminium Bahrain” yiliga 1,6 million tonnadan ko‘p mahsulot ishlab chiqaradi. 150 dan ziyod mamlakatga metall eksport qiladi.
Rrivojlangan bank tizimi, islomiy moliya sohasida boy tajriba va yuqori darajadagi biznes infratuzilmasi bilan Bahrayn Yaqin Sharqda yirik sarmoyaviy markazlardan biriga aylangan. Mamlakatda turizm va logistika faol rivojlanmoqda. Bu esa qo‘shma loyihalar uchun keng imkoniyat ochmoqda.
O‘zbekiston tabiiy va inson resurslari, Markaziy Osiyodagi strategik joylashuv va o‘sib borayotgan ichki bozori bilan xalqaro miqyosda jozibadorlik kasb etmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi, energetika, to‘qimachilik sanoati, turizm sohalari, shuningdek O‘zbekiston orqali mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyati Bahraynda alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA