O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor!
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi hamda “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasi (2024 yil), ijrosi, shuningdek, “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan jamiyatda o‘zaro hurmat, totuvlik va hamjihatlik tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan tashabbus va g‘oyalarni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar, diniy erkinlik va bag‘rikenglikning amaliy ifodalari haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekistonda turli millat va din vakillarining o‘zaro hurmat, do‘stlik va bir maqsad yo‘lida yashab kelayotgani yurtimizning eng muhim qadriyatlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori E’tibor Sultanova xalq diplomatiyasi – bu faqat rasmiy muloqot emas, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlovchi kuchli madaniy va ma’naviy ko‘prik ekani, diniy bag‘rikenglik esa ana shu ko‘prikni barqaror va mustahkam holda saqlab turishning asosiy shartlaridan biri hisoblanishini ta’kidladi.
Yangi O‘zbekistonda bu jarayon fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Davra suhbati yakunida totuvlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida bag‘rikenglik madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA