O‘zbekiston avtomobil bozorida qisqa muddatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bu esa yengil avtomobillar savdosining oshishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, elektromobillar bozori jadal rivojlanmoqda. Yil davomida foydalanilgan elektromobillar sotuvi 3,1 barobarga, yangilari esa 1,3 barobarga oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi avtomobil bozori holatining tahlil natijalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, hozirgi sharoitda yengil avtomobillar segmentida sotuvlarning umumiy o‘sishi kuzatilmoqda. Bu to‘rt oylik faollik pasayishidan keyin ijobiy ko‘rsatkichdir. Yanvar oyida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 9,5 foizga oshib, 78,6 mingta avtomobilni tashkil etdi. Bu bozorda faollikning tiklanganini ko‘rsatmoqda. Hududlar bo‘yicha yanvar oyida savdolarning eng katta o‘sishi Surxondaryo (27 foiz), Andijon (25 foiz) va Namangan (24 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

O‘zbekistonning yengil avtomobillar birlamchi bozorida esa ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yangi yengil avtomobillar savdosi 18,5 foizga o‘sdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 4,1 ming donaga ko‘pdir. Qisqa muddatli ijobiy tendensiyaga qaramay, yillik ko‘rinishda ushbu bozor segmentidagi faollik 15 foizga kamaydi. Yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ham ijobiy dinamikani ko‘rsatib, 21,7 mingta avtomobilni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 3,3 mingtaga ko‘p.
Yil boshida xorijda ishlab chiqarilgan yangi va foydalanilgan yengil avtomobillar bozorida savdo hajmi sezilarli darajada oshgani kuzatildi. Yanvar oyida ushbu segmentdagi faollik 21 foizga o‘sdi. Bu 4,9 mingta xorijiy avtomobil sotuviga to‘g‘ri keladi. Bu o‘sish, ayniqsa, yillik taqqoslash kontekstida sezilarli bo‘lib, sotuvlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42 foizga oshgan.

Yanvar oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi vaziyat faollikning oshishi bilan tavsiflanadi. Sotuvlar 52 mingta avtomobilni tashkil etib, o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 5,4 foizga o‘sdi.
Yangi va foydalanilgan yengil elektromobillar segmenti faollik o‘sishini ko‘rsatmoqda. Yil boshida sotuvlar 5,5 ming dona avtomobilni tashkil etib, 24 foizga o‘sdi. Foydalanilgan yengil elektromobillarga kelsak, ularning savdosi yil davomida 3,1 barobar, yangilari esa 1,3 barobar oshdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA