O‘zbekiston Artemida bitimlarini imzoladi
Bugun Samarqand shahrida ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik tamoyillarini belgilovchi Artemida bitimlarini imzoladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hujjat O‘zbekistonning NASA va boshqa ishtirokchi davlatlar kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Artemida bitimlarini imzolagan 77-davlat bo‘ldi.

Shuningdek, ikki o‘lkaning tashqi siyosat idoralari rahbarlari “C5+1” vazirlar uchrashuvi doirasida tashkil etilgan “O‘zbekiston va AQSH: asrlar va qit’alar osha mushtarak tarix” ko‘rgazmasida ishtirok etishdi.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarning boy tarixini yorituvchi ushbu ko‘rgazmada Ahmad al-Farg‘oniyning ilmiy merosi, Edgar Allan Poning Amir Temurga bag‘ishlangan she’riy to‘plami, amerikalik sayohatchilarning o‘lkamiz haqidagi asarlari va boshqa bebaho meros namunalari o‘rin olgan, -deb yozdi B.Saidov o‘zining telegram kanalida. – Shuningdek, 1973-yilda yo‘lga qo‘yilgan Toshkent–Sietl birodarlik aloqalariga oid materiallar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning tarixiy ildizlarini yana bir bor namoyon etdi. Mushtarak tariximizni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlab, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
O‘.Alimov, O‘zA