O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik, do‘stona munosabat so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu o‘z navbatida yuqori darajadagi siyosiy ishonchga erishish va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro manfaatli barcha sohalarda iqtisodiy-madaniy sheriklikni faollashtirishga nisbatan intilish bilan baholanadi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida konstruktiv muloqot yuritilishi natijasida Afg‘onistonda tinchlik jarayonini kuchaytirish bo‘yicha aniq taklif, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Bugun Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida chuqur hurmat tamoyiliga asoslangan strategik sheriklik muloqoti yangicha formatda yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
– Vashington va Toshkent o‘zaro munosabatning ishonchga asoslangan xususiyatini yanada mustahkamlash, sheriklikning barcha sohalarida strategik formatni yangi bosqichga olib chiqish uchun astoydil sa’y-harakatni davom ettirmoqda, – dedi janob Donald Lu O‘zAga bergan intervyusida.
Darhaqiqat, ikki tomonlama munosabat mustahkam poydevor asosida shakllangan va an’anaviy tarzda ishonchli xususiyatga ega.
– O‘zbekiston va AQSH Strategik sheriklik muloqotining uchinchi yig‘ilishi davomida hamkorligimizga oid keng kun tartibini muhokama qildik va ustuvor sohalar, ayniqsa, mintaqaviy iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga qaratilgan yo‘nalishlarni belgilab oldik, – dedi vazir Baxtiyor Saidov.
O‘.Alimov, O‘zA