AQSH – tibbiyoti eng rivojlangan mamlakatlardan biri bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorligimiz uzoq tarixga ega. Sohada nafaqat bugungi kundagi muammolar, balki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilganki, o‘zaro aloqalar farmatsevtika, laboratoriya tadqiqotlari, kadrlar tayyorlash kabi ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oladi.
Ana shu hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish, yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston-AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi qizg‘in suratlarda davom etmoqda. Haftalik doirasida anjuman ishtirokchilari bu borada o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Djonatan Xenik, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Hamkorligimiz ham davlat tashkilotlari darajasida, ham xususiy sektorda jadal rivojlanyapti. AQSHning xususiy kompaniyalari mamlakatingizga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda.

Bundan tashqari, o‘zaro bilim va tajriba almashish maqsadida davlatlarimiz tibbiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvlar, ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Men O‘zbekiston Prezidenti yoshlarni ingliz tiliga o‘qitish masalasiga alohida ahamiyat qaratayotganini olqishlayman. Bu tibbiyot sohasida ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Devid Xofman, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi rahbari:
– Silga qarshi kurashish va farmatsevtika – O‘zbekiston bilan hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan. Mamlakatingizda “Dori vositalari sifatini rag‘batlantirish+” dasturini amalga oshiryapmiz. USAIDning texnik ko‘magida O‘zbekiston dori vositalarini JSST ro‘yxatidan muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati farmatsevtika mahsulotlari uchun xalqaro sifat standartlarini joriy etish, ushbu sohani huquqiy jihatdan mukammal tartibga solish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirdi.

Kelgusida pandemiyaga qarshi yangi tayyorgarlik va global sog‘liqni saqlash xavfsizligi yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz. Ilk bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasida bo‘lib o‘tayotgan ushbu anjuman tibbiyot sohasidagi ikki tomonlama hamkorligimiz tarixida yangi sahifa ochishga xizmat qiladi.
Aleksandr Millman, AQSH yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari:
– O‘zbekistonlik hamkor idoralar bilan birgalikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga yo‘lga qo‘yilgan qator loyiha va dasturlarimiz samarali kechmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda sil kasalligiga qarshi kurash borasida muhim ishlarni amalga oshiryapmiz. Bu borada laboratoriya tekshiruvlarini samarali tashkil etish alohida ahamiyatga ega.
O‘zA