O‘zbekiston – AQSH: munosabatlar rivojlanayaptimi?
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning ko‘p qirrali ekanligini inkor etish qiyin. Ammo u keyingi yillarda qay darajada rivojlana olayapti?
Shuni aytish mumkinki, 2021 yil pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramasdan o‘zaro hamkrlik munosabatlari izchil davom ettirilmoqda. Buni yil boshidan kuzatilayotgan delegatsiya almashuvlari, olib borilayotgan uchrashuvlar va muzokaralardan ham payqash qiyin emas.
2021 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Ushbu delegatsiya tarkibida AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi administratori yordamchisi vazifasini bajaruvchi Xavyer Pedra, Davlat departamentining global ayollar muammolari bo‘yicha idorasi rahbari, alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri ham bor edi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv paytida O‘zbekiston-AQSH o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashda hamkorlik qilish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. E’tibrli jihati shundaki “tomonlarning Strategik sheriklik muloqotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarori” mamnuniyat bilan qayd etilib, bu O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘lishiga umid tug‘diradi.
Haqiqatan ham ikki tomonlama hamkorlik ko‘p qirrali. Shu sababdan tomonlar iqtisodiy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi ustuvor sohalarda birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Amerikaliklar O‘zbekistonda gender tenglik ta’minlash, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ayollarning roli va mavqeini mustahkamlash borasida erishayotgan yutuqlariga e’tibor qaratmoqda.
Iqtisodiy aloqalar va savdoni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan mintaqalararo investitsiya va infratuzilma loyihalarini barpo etishning amaliy jihatlariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Yaqinda yana bir guruh O‘zbekistonga keldi. Bu Amerika Qurolli Kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi strategiya, rejalashtirish va siyosat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, brigada generali Dyuk Pirak boshchiligidagi delegatsiya bo‘ldi.
Tashrif doirasida brigada generali Dyuk Pirak O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik sohasi va harbiy hamkorlikning holati, uning istiqbollari muhokama etildi.
Tashrifning keyingi kunlarida mehmonlar Samarqand shahrida joylashgan kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, tarixiy shaharning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildilar.
Mart oyi oxirida esa Toshkent shahri tashqarisidagi birinchi Amerika burchagi tashkil etildi. Aniqroq aytganda Qarshida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida zamonaviy kutubxona ochildi. Tantanali ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov hamda AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.
Amerika burchagi AQSH hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan dunyodagi 600 dan ortiq ochiq madaniyat markazlari tarmog‘iga qo‘shiladi. 140 dan ortiq mamlakatda joylashgan bu kabi Amerika burchagi markazlari dunyoni AQSH bilan bog‘lashga xizmat qiladi. Bu kabi zamonaviy jihozlangan markazlar ingliz tilidagi kitoblar, filmlar, ingliz tili dasturlaridan kitoblar, filmlar, ingliz tili dasturlaridan bepul foydalanish imkonini beradi.
Markaz ingliz tilida so‘zlashuvchilarning dasturlari orqali til o‘rganishni yengillashtiradi hamda bosma va raqamli ingliz tili resurslariga kirishni ta’minlaydi. Shuningdek Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qishni istaganlarga bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha bepul maslahat xizmatini ko‘rsatadi.