O‘zbekiston-AQSH: mineral resurslar sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Mamlakatimizda mineral resurslardan samarali foydalanish, murakkab tarkibli rudalarni chuqur qayta ishlash va sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhim vazifalardan sanaladi. Bu borada xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash tarmoqning barqaror rivojlanishi, yangi ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda amaliy natija beradi.
Shu maqsadda Mineral resurslar instituti delegatsiyasi AQSHning Stemford shahrida joylashgan “Syensqo” ilmiy-tadqiqot markazida xizmat safarida bo‘ldi. Tashrif doirasida ikki tomon vakillari murakkab uglerodli rudalar, kritik mineral xomashyoni flotatsiya usulida qayta ishlash, yangi avlod reagentlaridan samarali foydalanish hamda innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvlar chog‘ida sohada ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va texnologik jarayonlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Ayniqsa, murakkab tarkibli mineral xomashyoni qayta ishlash samaradorligini oshirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xizmat safari davomida O‘zbekiston mutaxassislari flotatsiya jarayonlari, reagentlarni tanlash va texnologik parametrlarni optimallashtirish bo‘yicha malaka oshirdi. Shuningdek, ular zamonaviy laboratoriya sharoitida o‘tkazilgan amaliy sinovlarda ishtirok etib, sohada qo‘llanilayotgan eng so‘nggi ilmiy yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmatining qayd etishicha, mazkur hamkorlik O‘zbekiston mineral resurslar tarmog‘ini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish va sohaning xalqaro raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA