O‘zbekiston - AQSH: kimyo sanoatida hamkorlik rivojlantiriladi
Kimyo sanoatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro sheriklikni rivojlantirish sohaning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu borada xorijiy kompaniyalar bilan tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Samarqandda tashkil etilgan “C5+1” formatidagi uchrashuvlar doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ rahbariyati AQSHning qator yirik kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur masalalarga e’tibor qaratildi. Muloqotlar AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Muzokaralarda “Aquatech”, “CB&I”, “Honeywell International”, “Powerscape Global” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar kimyo sanoatida ilg‘or texnologik yechimlardan foydalanish, zamonaviy ishlanmalarni o‘rganish va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
“C5+1” formatidagi muloqotlar Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda sanoatga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish uchun imkoniyat yaratadi.
Jamiyat axborot xizmatining xabariga ko‘ra, mazkur uchrashuvlar “O‘zkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarining xalqaro aloqalarini kengaytirish, xorijiy tajribani o‘rganish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA