O‘zbekiston –AQSH: ikki tomonlama hamkorlik
AQSHning “CalCity Industrial Park” kompaniyasi asoschisi Stepan Kyurkchu boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.
Muloqotda keyingi yillarda AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, ayniqsa, O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit tufayli hududga sarmoya kiritish istagidagi chet ellik ishbilarmonlar safi kengayib borayotgani e’tirof etildi.

– O‘zbekiston rahbarining tashqi siyosatdagi faolligi, qolaversa, biznes uchun yaxshi sharoit yaratilgani sabab ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirishga kirishdik, – dedi Stepan Kyurkchu. – Masalan, biz Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida umumiy qiymati 90 million AQSH dollariga teng to‘qimachilik katanin, kostroblok (yong‘in bloki) va issiqlikni saqlovchi ekologik mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapmiz. Quvvati 6,2 ming tonnaga teng loyiha 2027 yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. 500 ta ish o‘rni yaratilib, byudjetga 19 milliard tushum tushishi ta’minlanadi. Istagimiz Buxoroda ham mana shu kabi yirik loyihalarni amalga oshirish.
Mazkur yirik kompaniyani Buxoroda to‘qimachilik, qurilish, quyosh panellari ishlab chiqarish, erkin iqtisodiy zonalarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun jalb qilishda amaliy yordam berishga chaqirdi. Bunda investorlarga yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Muloqotda qog‘oz va karton ishlab chiqarish, texnik kanop yetishtirish, marmar va granitni qayta ishlash, sellyuloza, kostroblok va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri