O‘zbekiston – AQSH: hududiy biznes-delegatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hujjat imzolandi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda AQSH savdo vaziri o‘rinbosari Devid Fogel o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokarada ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining bugungi holati, uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. AQSH O‘zbekistonning eng muhim hamkorlaridan biri bo‘lib qolayotgani hamda 2025-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda qo‘shma investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, energetika, tog‘-kon sanoati, transport, qishloq xo‘jaligi, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarida o‘zaro sheriklikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSH munosabatni yanada mustahkamlash maqsadida innovatsiyalar, sun’iy intellekt, telekommunikatsiya hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida fikr almashildi.
Tadbir yakunida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSH Tijorat xizmati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat hududiy biznes-delegatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini ilgari surishga xizmat qiladi.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA