O‘zbekiston bog‘dorchilik va uzumchilik hamda chorvachilikni rivojlantirishda Fransiya va Germaniya, sabzavot ekinlari va kartoshkachilik hamda issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishida Belgiya va Gollandiya, agrar soha ilm-fani va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida esa Avstriya, Vengriya kabi Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuhurov sohada Yevropa tajribasining qo‘llanilishi xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
— O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan agrar sohaga ilm-fan yutuqlari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, mamlakatimiz iqlim va tuproq sharoitiga har tomonlama mos keluvchi ekinlar navlarini yaratish ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, qishloq xo‘jaligini yuqori bilim va salohiyatga ega, malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Jamshid Abduzuhurov. – Jumladan, 2022 yilda Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan ta’sis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokchidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ayni paytda universitetda aqlli qishloq xo‘jaligi, agronomiya, biotexnologiya, agroiqtisodiyot, agrologistika, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining tashkil etilishi ham bu boradagi ishlarda tub burilish yasadi. Hozir milliy markaz tizimidagi 12 ilmiy-tadqiqot institutida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, erishilgan yutuqlar bevosita qishloq xo‘jaligiga joriy etilmoqda. Albatta, sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish birinchi o‘rinda sifatli urug‘larni yaratishga bog‘liq. Shu bois, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti va Turkiyaning “Eastern Mediterranean Agricultural Research Institute” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida hozirgi kunda dukkakli va moyli ekinlar urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha 150 ming AQSH dollari miqdoridagi xalqaro grant loyihasi tayyorlanmoqda.
Shuningdek, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 ta xalqaro, shundan BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti –FAO bilan hamkorlikda 110 million so‘mlik va UNDPP ning xalqaro dasturlari doirasida jami 1,350 milliard so‘mlik 3 ta innovatsion loyiha moliyalashtirilib amalga oshirilmoqda.
Alohida ta’kidlashim lozimki, BMTning Taraqqiyot dasturi EU-AGRIN (UNDP) bilan hamkorlikda “Quyosh energiyasi orqali tomchilatib sug‘orish tizimini qo‘llab, organik pomidor yetishtirish va quritish texnologiyasini joriy qilish” loyihasi keyingi yillarda mamlakatimizda sezilayotgan suv tanqisligi sharoitida dehqonchilikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 444,2 million so‘mni tashkil etadi.
BMTning Taraqqiyot dasturi EU-AGRIN (UNDP) bilan hamkorlikda “Iqlim sharoitga mos noana’naviy ekinlardan bamiya va artishok turlari istiqbolli navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish” yo‘nalishidagi loyiha esa mamlakatimizda shu kungacha yetishtirilmagan noan’aviy ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun ilmiy tadqiqotlar olib borishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 447,0 million so‘mni tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tgan 2024 yilning 1-choragida 30 ming AQSH dollari va 431,9 million so‘mlik jami 3 ta xalqaro grant loyihasi o‘zlashtirilgan. Shuningdek, Turkiyaning BATEM qishloq xo‘jaligi universiteti va V’etnamning V’etnam meva-sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Albatta, Yevropa Ittifoqi davlatlarida agrar soha yaxshi rivojlangan. Shu bois Yevropa davlatlari bilan agrar sohada hamkorlikni kuchaytirish nafaqat O‘zbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun birdek manfaatli bo‘lishi shubhasiz. Yuqorida keltirib o‘tganlarimiz esa shu kungacha amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi xolos. Kelgusida bog‘dorchilik va uzumchilik hamda chorvachilikni rivojlantirishda Fransiya va Germaniya, sabzavot ekinlari va kartoshkachilik hamda issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishida Belgiya va Gollandiya, agrar soha ilm-fani va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida Avstriya, Vengriya kabi Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish rejalashtirilgan. Buning uchun esa sohada yetarlicha imkoniyatlar bor.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.