“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha eng namunali vazirlik nomi e’lon qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi bo‘yicha forum va taqdirlash marosimida nutq so‘zladi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Adliya vazirligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Vazirlik qisqa vaqt ichida zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylandi. Bugungi kunda vazirlik 30 ta platforma orqali 380 ta to‘liq raqamlashtirilgan xizmatlarni ko‘rsatmoqda. 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish mumkin. 208 ta davlat xizmatlari markazidan iborat tarmoq butun mamlakat bo‘ylab yagona standartni ta’minlamoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish bo‘yicha eng namunali vazirlik sifatida e’tirof etildi.
Mazkur idora mas’uliyatli, shaffof va tejamkor xo‘jalik yuritishning yorqin namunasiga aylandi. Ajratilgan har bir so‘m yangi konlarni qidirib topish va sohani rivojlantirishga sarflandi. Geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirildi. Budjet rejalari 2028-yilga qadar oldindan tuzib chiqilgan. Asosiy konchilik uskunalarini mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazildi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi ijobiy natijalari uchun Ichki ishlar vazirligi eng namunali deb tan olindi.
Bugungi kunda vazirlik 60 ga yaqin xizmat turini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 95 foizi to‘liq raqamli shaklda taqdim etilayotgani diqqatga sazovor. Ilgari tarqoq bo‘lgan 72 ta ma’lumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ziyod vazirlik ulangan. O‘tgan yili 148 mingdan ortiq ma’muriy ish masofaviy tarzda ko‘rib chiqildi va odamlarning idorama-idora sarson bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmadi. Vazirlik zamonaviy davlat xizmatlarini inson uchun yaratilgan qulaylik bilan o‘lchanishini amalda ko‘rsatmoqda.
O‘zA