Shu yil 11 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev bilan suhbatlashdik.

— Avvalo, har ikkala hujjatning ahamiyati, mohiyati nimadan iborat ekanligiga to‘xtalib o‘tsangiz.
— Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarni izchil davom ettirish, soha va yo‘nalishlarni yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda mazkur hujjatlar yurtdoshlarimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Ayniqsa, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish va ulkan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, yuqoridagi hujjatlar doirasidagi qator maqsad-vazifalar kelgusi 7 yil davomidagi taraqqiyotimizga zamin, huquqiy dasturilamal bo‘ladi.
— “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida qanday vazifalar ko‘zda tutilgan?
— Darhaqiqat, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Unda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad o‘z aksini topgan.
Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash Strategiyaning asosiy g‘oyalaridir.
Mazkur yo‘nalishlar doirasida yalpi ichki mahsulot hajmini 2 barobar oshirish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish kabi qator vazifalar belgilangan.
— Suv tanqisligi yildan-yilga avj olayotgan ayni bir davrda Strategiyada bu borada qanday chora-tadbirlar o‘z ifodasini topgan?
— Haqiqatan suv tanqisligi ortib borayotgan bir paytda butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Strategiyada aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va sug‘oriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foizga kamaytirish orqali suvning mahsuldorligi oshiriladi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash orqali 1 metr kub hajmdagi suv bilan sug‘orilgan yer maydonidan 3,7 dollar miqdorida daromad olishga erishiladi.
Suvdan samarali foydalanishda zamonaviy boshqaruv tizimining ham o‘rni beqiyos. Shu bois 2030 yilgacha kamida 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish, irrigatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsad qilingan.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barcha yo‘nalishlarda ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar kelgusidagi taraqqiyotimizga, mamlakatimiz rivoji va xalq farovonligiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
suhbatlashdi.