"O‘zbekiston–2030" strategiyasi: Yashil taraqqiyot poydevori mustahkamlanmoqda
Tabiat bilan hisoblashish, uning yashillikka intilishini qo‘llab-quvvatlash insoniyat uchun nafaqat axloqiy talab, balki ekologik majburiyatdir.
Bugungi global iqlim o‘zgarishlari, suv taqchilligi va ekologik xavf-xatarlar sharoitida atrof-muhit barqarorligini ta’minlash har bir davlat va tuzilmalar, kerak bo‘lsa odamlar oldiga strategik vazifalarni qo‘ymoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yuksak minbarlaridan hamda xalqaro iqlim sammitlarida ilgari surgan global ekologik tashabbuslari mamlakatimizning yashil taraqqiyot poydevorini mustahkamlamoqda.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasida “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi hamda Orolbo‘yi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi”, deb e’lon qilish borasidagi tarixiy qadamlari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ushbu yuksak maqsadlarga erishishda strategik maqsadlarni bosqichma-bosqich yaxshilash, insonlarning kundalik ish odatlarini ijobiy transformatsiya qilish talab etiladi.
Zero, ekologik barqarorlikka erishishda ichki madaniyatni boyitish hamda resurslarni samarali joriy etish lozim bo‘ladi.
Bugungi globallashayotgan dunyoda jahonning bir qator rivojlangan mamlakatlarida atrof-muhit muhofazasi borasida amalga oshirilayotgan sa’yi-harakatlarga e’tibor qaratsak, ular aynan inson kapitalini boshqarish orqali yuksak natijalarga erishganligiga guvoh bo‘lamiz.
Masalan, Skandinaviya mamlakatlari ekologik madaniyatni korporativ boshqaruvning institutsional darajasiga ko‘tarib, xodimlarning ixtiyoriy ekologik xulq-atvorini rag‘batlantirish tizimini mukammal shakllantirgan.
Yaponiya tajribasiga e’tibor qaratsak, kunchiqar diyor o‘zining an’anaviy tejamkorlik falsafasini zamonaviy texnologiyalarga integratsiya qilib, har bir inson darajasida resurslarni nol isrof qilish tizimlarini joriy etgan.
Germaniya va AQSH tajribasida odamlarning ekologik bilim va tafakkuri tabiat bilan tillashishda bosh omil darajasiga olib chiqilgan.
Yaqin qo‘shnimiz Xitoy esa yirik sanoat tarmoqlarida ekologik menejment standartlarini odamlarning kundalik faoliyat me’yorlariga qat’iy bog‘lash orqali yashil mexanizmlarni shakllantirmoqda.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan "O‘zbekiston–2030" strategiyasida quvvat samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanganligi Yangi O‘zbekistonning dunyo bilan yashil energiya tizimida integratsiyalashuv jarayonini tezlashtirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Boshqacha aytganda, yurtimizning “uxlab yotgan” yashil quvvat resurslari va zaxiralarini bu yondashuv uyg‘otdiki, ayni jarayon o‘z-o‘zidan mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy-ma’naviy buloqlarning ko‘z ochishiga zamin yaratmoqda.
Shunday sharoitda, yurtimizning turli sohalariga kiritilayotgan sarmoyalarni, kommunikatsiya tizimlarini, innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan insonlarda ekologik bilim va ko‘nikmalar shakllantirilmasa, yashil energiya tizimida kutilayotgan yuksalishlarga erishib bo‘lmaydi.
Zotan, barqaror taraqqiyotga faqat umumiy harakatlar va yangicha yondashuvlar orqaligina erisha olish mumkin bo‘ladi.
Bibijon Aralbayeva,
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA