Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish bo‘yicha videokonferensaloqa tizimi orqali targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu targ‘ibot tadbirida vazirlik tizimidagi korxonalar, tashkilot va muassasalar vakillari, shuningdek, “Navoiyuran” DK studiyasidan korxona rahbariyati, direktorlar, boshqarma, bo‘lim va xizmat boshliqlari, “Zafarobod” kon boshqarmasi muhandis-texnik xodimlari ishtirok etdi.


“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi O‘zbekistonning 2030 yilgacha asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat bo‘lib, 5 ta ustuvor yo‘nalish doirasida 100 ta maqsadga erishishga qaratilgan.
Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilangan.


Muloqotlar davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazining Iqtisodiy sohadagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Furqat Yunusov mazkur strategik hujjatni tasdiqlashga oid Prezident Farmoni hamda “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirish chora-tadbirlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining har bir ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan maqsadlar, ularning samaradorlik ko‘rsatkichlari haqida to‘liq to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida ushbu hujjatning mazmun-mohiyatini o‘zida aks ettirgan videorolik namoyish etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri