25 oktyabr – 5 noyabr kunlari Ispaniya Qirolligining Barselona shahrida “XI Osiyo filmlari Barselona kinofestivali” bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi “O‘zbekfilm” davlat muassasasi tomonidan Muzaffarxon Erkinov rejissyorligida ishlab chiqarilgan “Puankare” hamda Muzaffar Qoraboyev rejissyorligidagi “Aydinlar” badiiy filmlari ishtirok etdi.
Ushbu festivalda kino ishlab chiqarish borasida yuqori nufuzga ega Yaponiya, Avstraliya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Eron kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq badiiy filmlar qatnashdi. Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa faqat “Puankare” badiiy filmigina kinofestivalning “Rasmiy bo‘limi”ga kirgan filmlar qatoridan joy oldi. “Aydinlar” filmi esa asosiy ko‘rikning “Maxsus bo‘limi”dan o‘rin egalladi.
Quvonarlisi shundaki, ushbu nufuzli kinofestivalda “Puankare” badiiy filmi asosiy mukofotlardan biri – “RIO BRAVO AWARD” mukofotini qo‘lga kiritdi. Ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan film ijodkorlarining keyingi yillarda ishlab chiqaradigan bitta badiiy filmining treyleri butun jahonda targ‘ib qilinadigan bo‘ldi.

Mazkur kinofestival doirasida “Puankare” hamda “Aydinlar” badiiy filmlarining “Yevropa namoyishi” ham bo‘lib o‘tdi. Namoyishdan so‘ng hakamlar hay’ati va tomoshabinlar tomonidan ushbu filmlar haqida iliq fikrlar bildirildi. Xususan, “CASA ASIA” – Osiyo davlatlari madaniyatini dunyoga targ‘ib qiluvchi tashkilot rahbari, san’atshunos va zamonaviy Yevropa va Osiyo san’ati bo‘yicha tadqiqotchi, “Osiyo filmlari Barselona kinofestivali” direktori Menene Gra Balager o‘zbekistonlik ijodkorlarning ikkala filmi ham uni qattiq ta’sirlantirganini, kelgusida ushbu filmlarni boshqa xalqaro kinofestivallarga ham olib chiqish niyatida ekanini bildirdi.
Shuningdek, ushbu kinofestival davomida Osiyo davlatlarining kinoijodkorlari bilan tanishuv va suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Festival tashkilotchilarining taklifiga ko‘ra, “Aydinlar” va “Puankare” badiiy filmlarini Ispaniya telekanallarida bir yil davomida shanba va yakshanba kunlari namoyish etishga kelishib olindi.
O‘zA