“O‘zbekenergota’mir” AJ issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda. Hozirga qadar korxona tomonidan stansiyalarda o‘rnatilgan quyosh panellarining quvvati 9,6 MVtni tashkil etadi. Olib borilayotgan loyihalar yakuniga yetgach, tizimdagi fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvati 15 MVtga yetadi.
Bugungi kunda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, bir so‘z bilan aytganda, energiya samaradorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan islohotlarni kengaytirish bo‘yicha mamlakatimizda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi.
Xususan, korxona tomonidan Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunga qadar elektr stansiyalaridagi quyosh fotoelektr stansiyalarining quvvati 9,6 MVt ga yetkazildi. Hozirda yana 5,4 MVt quvvatlarni ishga tushirish orqali umumiy quyosh fotoelektr stansiyalarining quvvatini 15 MVtga yetkazish ishlari olib borilyapti.

Jumladan, "To‘raqo‘rg‘on" IESda 3,5 MVt, "Sirdaryo" IESda 520 kVt, "Farg‘ona" IEMda 1 MVt, “Talimarjon" IES” AJda 790 kVt va “Angren IES” AJda 100 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish jarayoni ketmoqda. Quyosh panellarining to‘liq ishga tushirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha 27 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 5 million kubmetr tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA