O‘zbek ziyolisining chin namunasi
O‘zbekiston xalq artisti Olim Xo‘jayev tavalludining 110 yilligi
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida o‘zbek teatr va kino san’atining afsonaviy ijodkori, O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori Olim Xo‘jayevning 110 yilligi munosabati bilan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Kechada ustoz san’atkorlarning xotirasini e’zozlash, ularning merosidan yoshlarni bahramand etish, badiiy mahorat maktabini puxta o‘rganishga oid ishlar san’atimiz rivojida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan san’at darg‘alarining yubiley sanalari keng nishonlanayotgani ustozlar ijodiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Manbalarga ko‘ra, aktyor, rejissyor, jamoat arbobi, lirik, dramatik va fojeaviy obrazlarning mohir ustasi va asl ziyolilikning timsoli bo‘lgan mashhur o‘zbek san’atkori Olim Xo‘jayev 1910 yilda Buxoroda tug‘ilgan.
U 1929 yili Buxorodagi maorif bilim yurtini tugatib, Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatrida aktyor sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshlab, K.Gotssining «Malikai Turandot»idagi Qalaf, 3.Fatxullinning “Sotqinlar”idagi Nomozov kabi ilk obrazlarini yaratdi. Tinib-tinchimas, g‘ayratli, o‘z ustida ishlashdan charchamaydigan aktyorning bu obrazlari uning kelgusida yaratishi mumkin bo‘lgan yetuk obrazlariga ma’lum tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
Teatr mutaxassislarining fikricha, Olim Xo‘jayev K.Yashin, A. Umariylarning dramasi asosida sahna yuzini ko‘rgan «Hamza» spektaklida Hamza rolini mohirlik bilan ijro etdi. U «Hamza» spektakli va 1960 yilda kinorejissyor 3.Sobitov suratga olgan «Hamza» badiiy filmida Hamzaning tashqi qiyofasi, serg‘ayrat harakatlarini, toza qalbi va shoirona tabiatini tomoshabinga yetkaza olgan.
Katta avlod vakillari teatr sahnasida Olim Xo‘jayev talqinidagi Navoiy obrazini alohida mehr va ehtirom bilan yodga oladi.Bu obraz san’atkor talqinida g‘oyat ta’sirchan, badiiyatga boyligi, maromiga yetkazilgani bilan qadrlidir.
Mutaxassislarning e’tiroficha, 1960 yilda Hamza teatrida sahnalashtirilgan dramaturg Izzat Sultonning «Imon» spektaklidagi professor Yo‘ldosh Komilov obrazi san’atkor ijrosidagi badiiy yetukligi bilan ahamiyatlidir.

Ustoz san’atkorning ko‘plab spektakllardagi obrazlarida ham ziyolilarimizdagi ezgu tuyg‘ular, eng yaxshi insoniy fazilatlar tantanasi tarannum etilgan.
O.Xo‘jayev salbiy obrazlarni ham maromiga yetkazgan san’atkor edi. Aktyor yaratgan Shekspirning «Otello»sidagi Yago, «Yuliy Sezar»idagi Yuliy Sezar obrazlari shular sirasiga kiradi.
San’atkorga 60-yillarda yana bir shuhrat keltirgan obraz V. Shekspirning «Qirol Lir» fojiasidagi Qirol Lir obrazidir. Ustoz san’atkor Qirol Lir obrazini yuksak mahorat bilan ijro etgani uchun 1967 yilda O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgandi.
Olim Xo‘jayev rejissyor sifatida ham samarali ijod qilib, B.Rahmonovning «Yurak sirlari», Hamzaning «Boy ila xizmatchi» va boshqa spektakllarni sahnalashtirgan.
Kechada ustoz san’atkorga bag‘ishlangan hujjatli film, mumtoz kuy-qo‘shiqlar, teatr darg‘alarining yorqin xotiralari, qiziqarli spektakllardan namunalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
N.Usmonova, O‘zA