Toshkent shahrida “Konstitutsiyaviy islohotlar va inson huquqlari” mavzusida yuridik kollokvium bo‘lib o‘tdi.
Konstitutsiyaviy islohotlar, inson huquqlari himoyasi, gender tenglik va huquqiy ta’lim sohalaridagi yangiliklarni muhokama qilish, ikki mamlakatning ilmiy-huquqiy hamkorligini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan ushbu tadbirda O‘zbekiston hamda Yaponiya olimlari va huquqshunoslari ishtirok etdi.
Kollokviumning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Yaponiyaning Meydzi universiteti professori Akiko Ejima so‘zga chiqdi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, inson huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, shuningdek, Yaponiyaning konstitutsionalizmga oid an’analari kabi muhim mavzularni atroflicha muhokama qildi. Gender tenglikni ta’minlash, gender asosida kamsitishning oldini olish, milliy gender mexanizmini joriy etishga oid masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Tadbir davomida, shuningdek, tilga oid qonun va huquqlar haqida fikr yuritildi. Turli tillarning jamiyatdagi roli, til siyosatining milliy o‘zlik va madaniyatni saqlab qolishda tutgan o‘rni, davlat tili sifatida o‘zbek tilini rivojlantirish istiqbollari chuqur talqin etildi.
Har ikki mamlakat olimlari va huquqshunoslari kollokvium doirasida muhokama etilgan barcha mavzularni teran tahlil etib, ochiq fikr almashdi. Samimiy va qizg‘in muloqot ishtirokchilar o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashish, yangi g‘oya va yondashuvlarni o‘rganish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Tadbir yakunida ushbu kollokvium ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va huquqiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. Muhokamalar asnosida tahlil etilgan sohalardagi muammolarni hal qilishda yangi yondashuv va yechimlar ishlab chiqildi.
N.Abduraimova,
O‘zA