“XIX asr o‘zbek va qozoq mutafakkirlari dunyoqarashida umumiy tarixiy-madaniy merosni mustahkamlash va rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
Oflayn va onlayn tartibda tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakat yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot muassasalarining jami 80 dan ziyod mutaxassisi, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, JIDU, OʻzMU, TDYUU, Yu.Rajabiy nomidagi musiqa sanʼati instituti vakillari, Qozogʻiston tomonidan esa ushbu qardosh davlatning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov, R.B.Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti Respublika tarixiy materiallarni oʻrganish markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor, Qozogʻiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi Meruyert Abuseitova, M.O.Auyezov nomidagi Adabiyot va sanʼat instituti bosh direktori Kenjexan Matijan, L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Abay Akademiyasi” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, filologiya fanlari nomzodi Jandos Aubakir va boshqa qator yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari qatnashdi.
MOXI direktori Anvar Nosirov mazkur konferensiya butun Oʻzbekistonda keng nishonlanadigan qozoq xalqining buyuk farzandi, shoiri, mutafakkiri “Abay Qoʻnanboyev merosi kunlari” doirasida oʻtkazilayotganini taʼkidladi:
- Shu kunlarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari ishtirokida qator ijodiy kechalar tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarida shoir ijodi haqida maʼruzalar tinglanmoqda.
Oʻzbekiston Milliy akademik drama teatrida “Abay” spektakli namoyishi rejalashtirilgan. Toshkent, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida buyuk mutafakkirga bagʻishlangan madaniy-ijodiy kechalar tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar Abay maʼnaviy merosi bilan yaqindan tanishish orqali Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Nosirov Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan oʻzaro aloqani mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratayotgani, ikki mamlakat mushtarak tarix, din, til va oʻxshash madaniyat hamda urf-odatlarga egaligi xususida fikr bildirdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakat tufayli doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabati yangi bosqichga chiqdi.
Oʻtgan yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ostona shahriga tashrifi chogʻida sherikligimiz ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi. Bu oʻzaro yanada yaqin hamkorlikni nazarda tutadi, munosabatning yangi, yuksak ishonchga asoslangan xususiyatini tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo umumiy tarixiy-madaniy makonida alohida oʻrin tutgan Oʻzbekiston va Qozogʻiston bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida ham jiddiy saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Elchi B.Atamqulov anjumanning ahamiyatini yuqori baholarkan, ikki davlat olib borayotgan mintaqaviy siyosat bugungi kunda butun Markaziy Osiyo taraqqiyotining lokomotivi vazifasini oʻtayotgani, yurtlarimiz zamonaviy tarzda oʻzgarib, umumiy madaniy merosimiz, tarixiy mushtaraklik yaqqol namoyon boʻlayotganiga urgʻu berdi:
- Oʻzbek va qozoq xalqlarining ildizi bir. Prezidentlarimiz umumiy masalalarni yonma-yon hal qilishyapti. Bizni yagona madaniyat, tarix, yer va suv birlashtiradi. Dehqonlarimiz bir daryoning suvidan foydalanadi.
Diplomat mamlakatimizning barcha hududlarida Abay haftaligi tashkil etilgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga alohida minnatdorlik bildirdi:
- Abay ijodi nafaqat umumiy tariximiz, balki bugunimiz va kelajagimizdir. Abay butun turkiy xalqlarning merosi va Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning mulkidir. Abay olijanoblik, baxt-saodat, insonparvarlik masalalarini koʻtargan boʻlib, bugungi kunda ham dolzarb.
R.B.Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti Respublika tarixiy materiallarni oʻrganish markazi direktori M.Abuseitova Qozogʻiston va Oʻzbekiston tarixi jahon, insoniyat tarixi, shuningdek, yagona Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining ajralmas qismi ekanini alohida qayd etdi.
Uning qayd etishicha, uch-toʻrt ming yillik mushtarak tariximiz bugungi kunda mintaqada kechayotgan integratsiya jarayonini yangilash uchun asos yaratmoqda.
M.Abuseitova ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga toʻxtalar ekan, Markaziy Osiyo olimlari va tadqiqotchilar saʼy-harakatini birlashtirish uchun yangi konseptual yondashuv ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan ekspert mintaqaviy munosabatning nazariy asosini, ustuvor siyosiy va iqtisodiy rivojlanish yoʻnalishlarini, xalqaro va davlatlararo munosabat prognozini oʻz ichiga olgan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni shakllantirish konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqish taklifini bildirdi.
L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Abay akademiyasi” ilmiy-tadqiqot instituti direktori J.Aubakir Abay asarlarining umuminsoniy qadriyatlar va insonparvarlik gʻoyalari bilan toʻyingan mazmuniga alohida eʼtibor qaratdi. U Abay nafaqat qozoq xalqining, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining milliy iftixori ekanini taʼkidladi.
Oʻz navbatida M.O.Auyezov nomidagi Adabiyot va sanʼat instituti bosh direktori oʻrinbosari, filologiya fanlari nomzodi Torali Qidir Abay Qoʻnanboyevning sharqona uslubda yozilgan sheʼrlari, jumladan, “Alifba”, “Yuzi Raushan”, “Fuzuliy, Shamsi, Sayxali” sheʼrlarining ahamiyatiga toʻxtaldi. Shu bilan birga ekspert bu sheʼrlar Abay oʻziga ustoz deb bilgan buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy taʼsirida, oʻrta asr turkiy adabiy tili (chagʻatoy) uslubida yozilganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Qozogʻistonlik mutaxassis Bolatbek Botirxon Navoiy va Abay butun insoniyat mulki, ularning ijodi abadiy hikmat, muhabbat va ijodga sadoqat sheʼriyati ekanini taʼkidladi. Navoiy va Abay ikki qardosh xalqning buyuk merosi boʻlib, bu nafaqat mushtarak turkiy, balki umuminsoniy qadriyatlar shakllanishi namunasidir.
Bu ikki buyuk adibning chuqur falsafiy asarlari ikki qardosh xalqning buyuk merosi boʻlibgina qolmay, Sharq sivilizatsiyasida ham ulkan ahamiyatga ega.
Tarix fanlari doktori, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Dilorom Alimova Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi, xalqlarimizning anʼana va urf-odati mushtarakligi mintaqada kechayotgan integratsiya jarayonida muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi:
- Markaziy Osiyo hududidagi davlatlarning qadimiy savdo-iqtisodiy munosabati, jahon imperiyalarining yagona tizimiga kirishi, mustaqillik uchun kurashi, VIII asrdan boshlab Arab xalifaligida birga yashashi, qadimiy madaniy qadriyatlar tiklanishi, yagona islom dini va dunyoga eng buyuk nomlar, kashfiyotlar berganligi – bu tarixiy jarayonlarning bari oʻzbek-qozoq xalqlari jipsligi natijasidir.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Ravshan Abdullayev fikricha, bugungi kunda tarixiy-madaniy merosni oʻrganish va asrab-avaylash masalasi Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Markaziy Osiyoning barcha davlatlari siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
XIX asr maʼrifatparvarlari maʼnaviy merosi Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy ongi va milliy oʻzligini shakllantirishga jiddiy taʼsir koʻrsatgan. Maʼrifatparvarlar Gyote, Pushkin, Firdavsiy, Nizomiy, Navoiy, Saʼdiy va boshqa adiblar ijodi bilan tanishish orqali oʻz xalqlarini jahondagi va milliy madaniy qadriyatlar bilan tanishtirishga intilib, madaniyatlar oʻrtasidagi muloqotni oʻzaro singdirishga hissa qoʻshdilar.
OʻzA