O‘zbek va turkman xalqlari azaldan do‘st, qardosh, birodar, tarixi, madaniyati, orzu-umidlari bir-biriga uyg‘un xalqlar sanaladi. O‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va O‘zbekiston turkman milliy madaniy markazi ularning milliy qadriyatlari, tili va an’analarini asrab-avaylash, yoshlarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida hamkorlikda ish olib bormoqda.
Ushbu hamdo‘stlikning davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va O‘zbekiston turkman milliy madaniyat markazi hamkorligida “O‘zbek – turkman munosabatlari yangi tarixiy bosqichda” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi rahbariyati, Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, deputatlar, Turkman milliy madaniyat markazi faollari, talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Qo‘mita raisi Qahramon Sariyev O‘zbekistonda turkman millati vakillari ko‘p asrlik tarixiy rishtalar asosida tinch, do‘stona va farovon hayot kechirib kelayotgani, ularning mamlakat ijtimoiy, madaniy va ma’naviy hayotidagi faol ishtiroki ikki xalq o‘rtasidagi ishonch va samimiy do‘stlikning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladi.
Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov so‘nggi yillarda ikki mamlakat munosabatlari butunlay yangi bosqichga chiqqani, iqtisodiyot va savdo, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlik tobora ortib borayotganini e’tirof etdi.
Tadbirning badiiy qismi Qo‘mita binosiga tutash milliy madaniy markazlar pavilonida o‘tkazildi. Unda turkman, ozarbayjon, ukrain va uyg‘ur milliy madaniy markazlari hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi vakillari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Yangragan xalq qo‘shiqlari, milliy raqslar va do‘stlikka bag‘ishlangan she’riy chiqishlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EXnOXuo1xn8" title="O‘zbek –turkman munosabatlari yangi tarixiy bosqichda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Abror Sodiqov (video),
Iskandar Ismatov (montaj), O‘zA