Oʻzbek tilining rivoji uchun barcha harakat qilishi kerak
Fargʻona viloyatida ham 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar boʻlib oʻtmoqda.
Bugun erta tongdan o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyning Farg‘ona shahridagi haykali yonida sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat sektorlari va mudofaa tizimlari rahbarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, ta’lim muassasalari hamda keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va shoirlar, yoshlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barchani o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz besh yilligi bayrami bilan tabriklab, o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat ekanligini ta’kidladi.
– Bugungi zamonaviy dunyoda til shunchaki muloqot vositasi emas. Bizga dunyo bilan muloqot qilish, yangi ufqlarni ochish va xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishga yordam beradigan vositadir, – dedi viloyat rahbari. – Bugun jamiyat oldida o‘zbek tilini asrab-avaylash va rivojlantirish borasida muhim vazifalar turibdi. Avvalo ta’limda tilning rolini kuchaytirish zarur. O‘zbek tili nafaqat muloqot tili, balki ilm-fan, texnika va ishbilarmonlik tili bo‘lishini ta’minlashda davom etishimiz kerak. O‘zbek tilini raqamli makonda faol targ‘ib qilish, tilni o‘rganish va ommalashtirishga qaratilgan madaniy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish kabi vazifalarga e’tiborni kuchaytirish zarur.
[gallery-19869]
Tadbir davomida Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan o‘zbek tilini ulug‘lovchi she’rlar ijro etildi, Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA