
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu yangi lug‘at Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga chop etilgan.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangi lug‘at oldingilaridan farqli – olti jildda chop etildi. Avvalgi lug‘atlar 5 jilddan iborat bo‘lgan.
Lotin yozuvidagi olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlarni, bir necha shevada qo‘llanadigan so‘zlarni, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalarni o‘z ichiga oladi.
Lug‘atning yangi nashri 3000 dan ziyod yangi lug‘aviy birliklar bilan to‘ldirilgan. Ular o‘zbek xalq shevalari, xalq so‘zlashuv tilidan hamda boshqa davlatlar bilan o‘zaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar natijasida o‘zbek tiliga xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlardan iborat.
– “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” ustida ikki yil davomida mehnat qildik, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudayberganova. – Asosiy maqsadimiz lug‘atdagi so‘zlarni boyitish bo‘ldi. Lug‘atni yig‘ishda ishtirok etgan xodimlarimiz XX asr boshida jadidlar tomonidan e’lon qilingan badiiy adabiyotlarni, gazetalarni o‘qib, lug‘atga kerakli bo‘lgan so‘zlarni yig‘ib, ajratib olishdi. Biz bu so‘zlarni ko‘zdan kechirganimizda respublikamizda hayvonot olami va o‘simliklar dunyosi bilan bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p xalqona so‘zlar hali lug‘atga kirib ulgurmaganini ko‘rdik va o‘sha so‘zlarni lug‘atga kiritdik.
[gallery-12154]
Shuningdek, lug‘at juda ko‘p illyustrativ misollar bilan boyitilgan, so‘zlar ma’nosining izohlari takomillashtirilgan. Keyingi davrlarda o‘zbek tili lug‘aviy tarkibida sodir bo‘lgan ma’noviy o‘zgarishlar ko‘rsatib berilgan.
N.Rahmonova,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA