O‘zbek tili rivojida xalqaro hamkorlik muhim (+video)
Ona tilimiz taraqqiy etishida yurtimizda yashab o‘tgan ko‘plab allomalar, olimu fuzalolarning katta ulushi bor. Biroq, taraqqiyot bir joyda to‘xtab qolmagandek, o‘zbek tili ham doimiy ravishda rivojlanib, boyib borayotir.
Ona tilimizga ko‘plab yangi so‘zlar kirib kelmoqda. Bu bir tomondan texnika asri va xalqaro so‘zlarning qo‘shilishi hisobiga yuz berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yurtimizdagi mavjud shevalarning tadqiq etilishi natijasida ham yo‘qolib borayotgan so‘zlarni yana qayta tiklashga erishilayapti.
Ana shu so‘zlarning muomilaga kiritilishida, o‘zbek tilini boyitishga o‘z hissasini qo‘shgan tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyevning ham ulkan hissasi bor.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ustozning 80 yilligi hamda sohada yig‘ilib qolgan muammolarning yechimiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi. “O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondoshuv” mavzusidagi anjumanga Markaziy Osiyo davlatlari olimlari ham tashrif buyurdi.
Tadbir davomida ustoz Samixon domlaning bu borada yaratilgan 30 ortiq ilmiy-amaliy ishlari, bakalavr yo‘nalishlari uchun ishlab chiqilgan 50 ortiq uslubiy qo‘llanmalari tilga olindi. Albatta bularning har birining tag zamirida mashaqqatli mehnat, noyob aql-zakovat, tinimsiz ilmiy izlanishlar yotibdi. Shu kuni ustozni hamkasblari, qadrdonlari, shogirdlari tabrikladi. Albatta bu yuksak e’tibor olimga yana yangi ijod, ilmiy izlanishlarga kuch-quvvat beradi.
Anjumanda Xalq ta’limi vazirining tabrigi o‘qib eshittirildi, vazirlikning faxriy yorlig‘i tantanali topshirildi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektorining samimiy tabrigi onlayn yetkazildi. Har bir tabrikda olimning pedagogik salohiyati, ilmiy izlanishlari, dunyodagi turkiy tillar rivojiga qo‘shgan hissasi faxr bilan tilga olindi.
Ilmiy anjuman Markaziy Osiyo xalqlarining tili va shevalarini o‘rganish borasida olimlarni bir davraga jamlagan, bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni umumlashtirgan muhim tadbir bo‘ldi. Qator muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi va ilmiy xulosalar qilindi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Tsj8rSdhid0" title="O`zbek tili rivojida xalqaro hamkorlik muhim " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Doniyor Yakubov, Iskandar Ismatov, O‘zA