O‘zbek tili dunyo minbarlarida jaranglamoqda
Til – insonning, xalqning, jamiyatning, davlatning kuch-qudratidir. Shu sabab ham Yurtboshimiz o‘z chiqishlarida doimo ona tilimizga alohida e’tibor qaratadi. Jumladan, joriy yilning 19 sentyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ikkinchi bor o‘zbek tilida nutq so‘zlagani va har bir ko‘tarilgan global masalalar bo‘yicha takliflar bildirgani ham fikrimiz isbotidir.

Darhaqiqat, har bir xalqning tarixi, urf-odati va madaniyati uning tili orqali namoyon bo‘ladi. Yurtboshimizning jahon minbarida turib o‘zbek tilida so‘zlagan nutqini tinglar ekanman, tilimiz ravnaqi va rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘layotgan ilm kishisi sifatida qalbimda iftixor tuyg‘ulari yana bir bor jo‘sh urdi. Xususan, dunyo minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlagan Prezidentimiz bir qator ustuvor masalalarni ilgari surdi.
Chunonchi, geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya yo‘nalishlarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelayotganligi, iqlim o‘zgarishi, ochlik va tengsizlikka qarshi kurashish kabi bir qator bashariyat muammolariga alohida to‘xtalib, o‘z mulohazalarini bildirdi. Bu qaysidir bir hukumat va yoki davlat muammosi emas, balki butun dunyo global muammosi ekanligini takror va takror ta’kidladi.
– Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat, – dedi Yurtboshimiz nutqlarida.
Shuningdek, huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirayotgani, mamlakatimizning “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya tamoyili asosida iqtisodi, ijtimoiy, madaniy sohalarda yangidan-yangi jarayonlar sodir bo‘layotganini aytib, “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganini barchaga ma’lum qildi.
– Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un bo‘lib, biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birgalikda O‘zbekistonda inson huquqlari birinchi o‘rinda ekanligi, majburiy hamda bolalar mehnati to‘liq barham topgani, buning uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgani aytib o‘tildi. Sessiyada yurtimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yetuk kadrlar tayyorlash, ilmli, salohiyatli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil izlanishlar yo‘lga qo‘yilganligi alohida ta’kidlandi.
Yurtboshimiz e’tiboridan hech bir mavzu chetda qolmadi. Ayniqsa, xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborni olaylik: “Biz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz. Birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif etamiz”, deyildi yig‘ilishda.
BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan aytilgan masalalar, bildirilgan takliflar sof o‘zbek tilida jaranglaganligi bolalarimizning tilimizni mukammal o‘rganishiga poydevor vazifasini o‘taydi, albatta.
Tilimiz xalqning eng nodir boyligi, ruhi va qanotidir. Zero, qalbimizdagi hislarni, ongimizdagi fikrlarni biz, avvalo, ona tilimizda ifodalaymiz. Shunday ekan, bugun ta’lim tizimida o‘zbek tilini mukammal tarzda farzandlarimizga o‘rgatish, ularga sof o‘zbekona so‘z va iboralardan foydalanishida yetarlicha bilim hamda ko‘nikma berish biz kabi o‘qituvchilarning asosiy vazifasidir.
Darhaqiqat, ta’lim sifati taraqqiyot poydevori bo‘libgina qolmay, vatanparvar yoshlarning kamol topishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Tilimizga bo‘lgan mehr, hurmat va ehtiromni Yurtboshimiz olib borayotgan har bitta sa’y-harakatda ko‘rishimiz mumkin. Bu xayrli yo‘lni davom ettirmoq esa barchamizning burchimizdir!
Gulsanam Norova,
Navoiy davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA