O‘zbek tili dunyo bo‘ylab bo‘y cho‘zmoqda
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. (O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 4-modda).
Abdulla Avloniyning “Har bir millatning millat ekanligini ko‘rsatadurg‘on oyinai jahoni uning tili va adabiyotidir. Tilni yo‘qotmak – millatni yo‘qotmak demakdir”, deganlari buyuk haqiqat.
Darhaqiqat, til millatning ramzi. Tili bor millat millatligini, tili bor davlat davlatligini saqlab qoladi. Buni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Taniqli faylasuflardan biri Lyudvig Vitgenshteyn “Tilimning chegaralari – dunyomning chegaralaridir” degan so‘zlarining ma’nosi ham shunda.
YUNESKOning 2025-yildagi ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 8324 ta og‘zaki va imo-ishora tili hujjatlashtirilgan bo‘lib, ularning taxminan 7000 tasi hozir ham qo‘llanadi. Ammo, Ethnologue xalqaro tilshunoslik ma’lumotlar bazasining e’lon qilingan ko‘rsatkichlarida 3193 ta til yo‘qolib ketish xavfi ostida deb baholangan. Demak, hazrat Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda til ham, el ham e’tiborni talab qiladi.

Bizning Ona tilimiz ham yillar davomida turli vaziyatlarni boshdan kechirdi. Unga nisbatan ko‘plab suiqasdlar sodir etildi. Ayniqsa, tilimiz sal kam bir yarim asrlik istibdod ichida qattiq to‘siqlarga, siquvlarga duchor bo‘ldi. Xalqimiz ustida o‘zga til hukmronlik qildi. Mustabid tuzum vakili M.Skobelevning aynan bizning tilimizga nisbatan “Millatni yo‘q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo‘q qilsang bas, tez orada o‘zi tanazzulga uchraydi”, degan so‘zlari tarixda qoldi. Ha, ko‘p ming yillik masofani bosib, uzoq-uzoqdan shakllanib, rivoj topib kelgan, xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati, madaniyati va qadriyatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan milliy tilimiz o‘sha kezlarda hukmron markazning tazyiqida og‘ir kechinmalarni boshidan o‘tkazdi.
Ayniqsa, 80 yillarda o‘zbek tili juda qattiq quvg‘un qilinganligi, hatto, katta-kichik majlislar ham “markaz” tilida olib borilganligi ko‘pchilikka ayon. U davrlarda mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlari amalda Ittifoq Konstitutsiyasi va qonunlarini takrorlashi shart edi. Ana shunday chegara 1989-yilning oktabr oyida buzib o‘tildi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining o‘n birinchi sessiyasida sobiq tuzumning qonun ijodkorligi sohasidagi to‘siqlar tadrijiy yo‘l bilan ag‘darildi. O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritilib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi va mamlakatimizning “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi.
O‘shandan buyon, xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lmish ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. Bu harakat xalqimizning yuksak ma’naviyatini, milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, betakror jozibali ona tilimizni rivojlantirish va kelgusi avlodlarga yetkazib berish borasida qo‘yilgan va mustaqillikka yo‘l boshlagan ulkan qadam edi.
Yillar o‘tdi. Qonunlar takomillashdi. O‘zbek tili dunyo sahnasiga ko‘tarildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan baralla yangradi. Yil sayin o‘sib, rivojlanib, quchoq yozib bormoqda.
Mana bu yil o‘zbek tiliga rasmiy davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi keng nishonlanmoqda. Albatta, bu tarix uchun uncha katta muddat emas, ammo o‘tgan davr mobaynida milliy tilimizning qonun hujjatlariga muvofiq mavqeini oshirish, sofligini saqlash, yo‘qolib ketgan so‘zlarni qayta tiklash, bu boradagi qonunchiligimizning ma’no-mazmunini yosh avlod ongiga singdirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda o‘zbek tili erkin qo‘llanilmaydigan birorta soha yo‘q. Milliy tilimiz o‘zining keng imkoniyatlarini barcha sohalar singari eng murakkab ilm-fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, moliya-bank tizimi va boshqa jarayonlarda ham to‘liq namoyon qilmoqda. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”.
Shu nuqtai nazardan, maktabgacha ta’lim va maktablarda bolalarning ona tilini puxta o‘zlashtirishini ta’minlash; o‘zbek tilida sifatli ilmiy, huquqiy, badiiy va ommabop adabiyotlarni ko‘paytirish; o‘zbek tilining internet, sun’iy intellekt va elektron xizmatlardagi imkoniyatlarini kengaytirish; mamlakatimizda yashovchi turli millat vakillarining ona tillarini o‘rganish va saqlash tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash; kam sonli xalqlarning tillarini audioyozuv, lug‘at, elektron arxiv va ta’lim materiallari orqali saqlab qolish choralari ko‘rildi.
Pirovardida, tilimizning nufuzi nafaqat yoshlar, kattalar orasida ham, hatto chet mamlakatlarda ham oshib bormoqda. Uning jozibasi xorijliklarni ham o‘ziga maftun qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali chet ellik mehmonlarning o‘zbek tilida so‘zlaganlarini eshitib qolamiz. Bizning tilimizda boshqa millat vakillari, ayniqsa, xorijlik mehmonlar so‘zlashganini eshitganimizda qalbimiz g‘urur va iftixor tuyg‘ulari bilan to‘ladi.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, bugungi kunda Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan o‘zbek tili jahonga yuz tutmoqda. Bir necha xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili va madaniyati markazlari ochilmoqda. Jumladan, Qirg‘izistonning O‘sh davlat universitetida Alisher Navoiy nomidagi, Qozog‘istonning Jumabek Tashenov nomli universitetida, Turkiyaning Uludog‘ va Ordu universitetlarida, Yaponiyaning Tokio chet tillari universitetida, Misrdagi Qohira universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazlari ochilgan. Dushanbe shahridagi Sotim Ulug‘zoda nomli Xalqaro xorijiy tillar universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan. Shuningdek, Italiyaning Ka-Foskari universitetida “O‘zbekiston burchagi” ochilgan. Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan “Uzbek Studies Programme” dasturi yo‘lga qo‘yilgan.
Bunday ezgu ishlarni Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar misolida ham keltirish mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Koreya, Xitoy, AQSH, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Fransiya fuqarolari uchun ham “O‘zbek maktabi” kurslari tashkil etilgan. Shuningdek, “Ibrat farzandlari” loyihasida xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rganish imkoniyati yaratilgan.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonda avvaldan o‘zbek tilida dars beriladigan maktablarni qo‘llab-quvvatlagan holda, Qirg‘izistonda O‘zbekiston tomonidan Batken viloyatining Samarqandek qishlog‘ida 2022-yilda 330 o‘rinli zamonaviy maktab qurib bitkazildi va jihozlab berildi. Bundan tashqari, O‘sh shahrida ham Alisher Navoiy nomidagi 630 o‘rinli katta maktab O‘zbekiston mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan. Tojikistonda Xatlon viloyatining Qubodiyon tumanida O‘zbekiston tomonidan 640 o‘rinli zamon talablariga mos maktab qurib foydalanishga topshirilgan. Turkiyada ochilgan O‘zbekiston ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladigan 600 o‘rinli umumta’lim maktabi, Ozorboyjonda Qorabog‘ hududidagi Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli umumta’lim maktabi ham shunday harakatlar jumlasidandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim olayotgan minglab xorijlik talabalar ham o‘zbek tilini o‘rganishga kirishgan. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “O‘zbek maktabi” loyihasida xorijliklar uchun boshlang‘ich, onlayn va ixtisoslashtirilgan kurslar taklif etilgan. Bu, albatta, Vatanimizning jahon hamjamiyati orasidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Xullas, biz Vatanimiz ravnaqini, kelajagimizni o‘zbek tilisiz tasavvur qilolmaymiz. Davlatimiz rahbari so‘zlari bilan aytganda, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak!”
Shunday ekan, o‘zbek tilining rivojini ta’minlash, avvalo, hammamizga, milliy g‘ururimizga, huquqiy madaniyatimizga hamda ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbatimizga bog‘liq.
Zero, O‘zbekiston uchun til masalasi milliy o‘zlik, ma’naviy taraqqiyot va millatlararo totuvlik bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, xalqimiz uchun Ona tilini asrash – o‘tmishga hurmat, bugunga mas’uliyat va kelajak avlodlar oldidagi burchdir.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi
raisining o‘rinbosari.
O‘zA