Har yili 21 oktyabrni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun sifatida nishonlagan bo‘lsak, mana beshinchi yildirki ushbu sana “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng ko‘lamda bayramona nishonlanmoqda.
Sana munosabati bilan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida viloyat markazida qad rostlagan o‘zbek adabiy tilining asoschisi Mir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
21 oktyabr 1989 yil. Bundan roppa-rosa 35 yil oldin “Davlat tili haqidagi”gi qonun qabul qilingan edi. 2020 yil 10 aprelda esa “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolanib, unga ko‘ra har yili 21 oktyabrni O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlash belgilandi.
Dastlab so‘zga chiqqanlar tomonidan ona tilimiz – o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish, davlat tilida ish yuritishni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda dunyo aholisi 7000 dan ziyod tilda gaplashadi va ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til maqomi mavjud ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi.
– Ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev. – Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak siyosiy sammit va uchrashuvlarida tilimiz baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani qalblarimizni g‘urur va iftixorga to‘ldiradi. Mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lib, Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning “Alisher Navoiy” nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etilgani buyuk ajdodimiz xotirasi va bebaho merosiga yuksak hurmat-ehtirom ifodasi bo‘lishi barobarida ona tilimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan “Navoiy tili”, deya bejiz e’tirof etilmaganligining amaliy ifodasidir.
[gallery-19868]
O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida viloyat san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari