Vatanimiz tarixidagi 28 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1419 yil (bundan 601 yil oldin) – tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning xabar qilishicha, Mirzo Ulug‘bek o‘zi tomonidan 1417 yilda qurib bitkazilgan, u barpo etgan ilk madrasa hisoblangan Buxoro madrasasiga kelib ilm oluvchi talabalarga in’omlar ulashdi. Bizgacha Ulug‘bekning Buxorodagi mazkur madrasasi ancha o‘zgargan holda yetib kelgan. Bu madrasada Buxoro xoni Abdullaxon II davrida katta ta’mir ishlari olib borilgan. Madrasa peshtoqlari – darvoza tabaqalariga “Ilm olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir”, deb o‘yib yozilgan.
1888 yil (bundan 132 yil oldin) – Buxoro amirligida qimmatli xazina topilganidan xabar topgan Turkiston general-gubernatori Buxorodagi Rossiya siyosiy vakiliga tanga va buyumlarni Arxeologiya hay’atiga yuborish uchun Toshkentga Turkiston general-gubernatorligi idorasiga jo‘natishni iltimos qilib xat yubordi. Buxorodagi Rossiya siyosiy vakili 1889 yil 29 aprelda Turkiston general-gubernatoriga xat bilan aytilgan tanga va buyumlarni Toshkentga jo‘natdi. Siyosiy vakil o‘z maktubida quyidagilarni xabar qilgan:
“Kanselyariyaning 1888 yil 28 noyabrdagi 5525-raqamli xatiga asosan ilova qilingan ro‘yxatda ko‘rsatilgan tanga va buyumlarni jo‘natmoqdaman. Qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, mazkur buyumlar 1888 yil bahorida Amudaryoning Karkidan kechib o‘tish joyida – Buxoroning Karki shahri yaqinida joylashgan tepalikda muhandislik ishlari olib borish jarayonida yer ostidan topildi. Bu buyumlarni menga Samarqand muhandislik uchastkasi boshlig‘i polkovnik Pavlov Peterburgga – Imperator Arxeologiya hay’atiga sovg‘a qilish uchun topshirdi”. Peterburgga yuborilgan xazina tarkibida qadimgi 2 dona oltin va 31 dona kumush tanga, sopol idish, metalldan tayyorlangan keli, kelidasta, qozon, jomlar bor edi.
1932 yil (bundan 88 yil oldin) – patolog-anatom, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Malika Abdullaxo‘jayeva tavallud topdi. U O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi yangi yo‘nalish – transplantatsion immunopatologiya asoschisi hisoblanadi.
1941 yil (bundan 79 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi qizib borayotgan ayni kezlarda Hamza teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)da “Otello” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi. Spektaklda Otello rolini Abror Hidoyatov, Dezdemonani Sora Eshonto‘rayeva bilan Nazira Aliyeva, Yagoni Nabi Rahimov bilan Olim Xo‘jayev, Kassioni Sharif Qayumov, Emiliyani Zaynab Sadriyeva, Toshxon Sultonova, Mahsuma Qoriyevalar ijro etishdi.
Mazkur spektaklni 1945 yili tomosha qilgan Buyuk Britaniya parlamentining bir guruh a’zolari teatrning “Faxriy mehmonlar daftari”ga quyidagi taassurotlarini yozib qoldirgan edilar: “Biz hech qachon, hech qayerda, hatto Londonning o‘zida ham o‘zbek teatridan o‘tkazib qo‘yilgan “Otello”ni ko‘rgan emasmiz”.
1942 yil (bundan 78 yil oldin) – Voronej frontida o‘zbek tilidagi “Vatan sharafi uchun” gazetasi chiqa boshladi. 1943 yil 20 oktyabrdan Voronej frontining 1-Ukraina frontiga aylantirishi munosabati bilan bu gazeta ushbu front siyosiy boshqarmasining organiga aylantirildi. Gazeta 1945 yil dekabrga qadar nashr etildi. Unda mayor Rustam Abdurahmonov, Farhod Murodov, kapitan Zinnat Fatxulin, Ashirmat Egamnazarov, To‘lagan Soatov, mayor Mahmudjon Zufarov va boshqalar faoliyat ko‘rsatdilar.
Tarixchi olim Rustam Shamsutdinovning yozishicha, urush davrida frontdagi yurtdoshlardan hol-ahvol so‘rash va ularga ruhiy madad berish uchun frontga yuborilgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan buyuk o‘zbek yozuvchisi Oybek frontdagi “Vatan sharafi uchun” gazetasi muharrir o‘rinbosari, taniqli jurnalist Rustam Abdurahmonov bilan uchrashgan. Professor Naim Karimovning fikricha, Oybek domla frontdan Toshkentga qaytib kelishi chog‘ida o‘sha “Vatan sharafi uchun” gazetasini o‘zi bilan olib kelgan va bu gazeta hozirda Oybek uy-muzeyiga eksponat sifatida qo‘yilgan.
1996 yil (bundan 24 yil oldin) – Xivada turkman shoiri va mutafakkiri Mahtumquli haykali ochildi.
1997 yil (bundan 23 yil oldin) – Andijonda Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning 100 yilligi yubileyiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Toshkentdan va mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlari, qo‘shni davlatlardan kelgan yuzlab mehmonlar Cho‘lpon nomidagi bog‘ga tashrif buyurdilar va shoir muzeyining tantanali ochilish marosimida qatnashdilar.
2008 yil (bundan 12 yil oldin) – Asaka avtomobil zavodi konveyeridan bir millioninchi avtomobil chiqdi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA