O‘zbek startaplari uchun Fransiya eshik ochmoqda
Texnologiya sohasida hamkorlik endi faqat tayyor mahsulot yoki xizmat almashish bilan cheklanmaydi.
Startaplar uchun yangi bozorlarga chiqish, investor topish va tajriba almashish ham muhim. Parijda o‘tkazilayotgan Xalqaro kosmik sammit doirasida O‘zbekiston va Fransiyaning startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tarkibida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro kosmik sammitda ishtirok etmoqda. Sammitda kosmik texnologiyalar, innovatsiyalar, ilmiy-texnik taraqqiyot va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

Tashrif doirasida Prezident administratsiyasining moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjayev va raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov La French Tech markaziy ofisi direktori Jyuli Yuge bilan uchrashdi.
Suhbatda ikki davlatning texnologik va startap sohasidagi aloqalarini kuchaytirish, fransuz startaplarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi hamda o‘zbekistonlik startaplarni Fransiya va Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

La French Tech — Fransiyada istiqbolli startaplar va texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan tizim. U startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, investorlar va texnologik kompaniyalar bilan bog‘lashga ko‘maklashadi.
Uchrashuvda Fransuz startaplarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilishda IT Park’ning Soft Landing va Startup Exchange dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, La French Tech vakillari ICT WEEK Uzbekistan xalqaro tadbirida ishtirok etishga taklif qilindi.
Agar rejalar amalga oshsa, bu hamkorlik bir tomondan fransuz startaplari uchun O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini kengaytirsa, ikkinchi tomondan mahalliy startaplarga Fransiya va Yevropa texnologik bozorlariga chiqish uchun yangi eshiklarni ochishi mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA