O‘zbek shoirasining kitobi Serbiyada chop etildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Xosiyat Rustamovaning «Ko‘ngil izlari» kitobi Serbiyada chop etildi.
Bu haqida shoira ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qildi.
Xabarda shoira: «Bolaligimda tushlarim o‘ngidan kelardi. Nimaki tush ko‘rsam, voqealar o‘ngimda ham davom etayotganiga guvoh bo‘lardim. Balki, tushlarimda uzoqroq yashagandirman. Bugun Serbiyadan kelgan xabar ham qachondir ko‘rgan va hali ham unutilmagan tushimga o‘xshar, ehtimol! Serb tilida, Serbiyaning Liberland Art nashriyotida nashr etilgan “ Ko‘ngil izlari», kitobim uchun, iste’dodli shoir va tarjimon, ichki va tashqi go‘zal inson Valentina Navkovich va ushbu nashr uchun, ajoyib inson Karlo Astraxanga o‘z minnatdorligimni bildiraman».
Kitobga shoiraning sof va samimiy tuyg‘ulari tushirilgan, ko‘ngil kechinmalari ifoda etilgan she’rlari kiritilgan. Eslatib o‘tamiz, Xosiyat Rustamovaning o‘nlab she’riy kitoblari xorijning nufuzli gazeta va jurnallarida bosilib chiqqan bo‘lib, ingliz, rus, qozoq, xitoy, turk va boshqa tillarda kitoblari chop etilgan.
D. Mamatova, O‘zA