Bugungi kunda tibbiyot sohasida infeksiyalangan yaralarni samarali va tezkor davolash dolzarb masala hisoblanadi. An’anaviy bog‘lamalar har doim ham kutilgan natijani bermasligi va bakterial infeksiyalarni to‘liq bartaraf etmasligi sababli yangi avlod biomateriallarini yaratish zarurati tug‘ilmoqda. Shu bois, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion ishlanmalarni tibbiyot amaliyotiga joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
FAning Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, Sellyuloza va uning hosilalari kimyosi va texnologiyasi laboratoriyasi olimlari xalqaro hamkorlar bilan birgalikda infeksiyalangan yaralarni davolash uchun mo‘ljallangan yangi avlod ko‘p funksiyali gidrogel bog‘lamasini yaratdi. Ushbu tadqiqot natijalari nufuzli “Chemical Engineering Journal” jurnalida e’lon qilinib, xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

Ishlab chiqilgan gidrogel yuqori yopishuvchanlik, elastiklik, antioksidant va antibakterial xususiyatlarga ega. U yarani samarali yopib, tashqi omillardan himoyalaydi hamda bitish jarayonini tezlashtiradi. Gidrogel tarkibida polivinil spirt, midiya musini, temir ionlari va artemizinin qo‘llanilgan bo‘lib, uning ikki tarmoqli tuzilishi yuqori mexanik mustahkamlikni ta’minlaydi. Natijada material teri to‘qimalariga mustahkam yopishib, uzoq muddat barqaror saqlanadi.
Tajriba natijalari gidrogelning bakteriyalarga qarshi yuqori samaradorligini ko‘rsatdi. U yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi, oksidlovchi stressni pasaytiradi hamda to‘qimalar regeneratsiyasini rag‘batlantiruvchi o‘sish omillarining ekspressiyasini oshiradi. Natijada infeksiyalangan yaralarda teri to‘qimalarining tiklanish jarayoni tezlashib, sog‘ayish muddati qisqaradi.
Mazkur innovatsion ishlanma an’anaviy bog‘lamalarga nisbatan samarali va istiqbolli yechim sifatida baholanmoqda. O‘zbekiston FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari hayot uchun muhim bo‘lgan, amaliy ahamiyatga ega innovatsion ishlanmalar ustida muntazam izlanishlar olib borayotgani quvonarlidir. Xususan, ushbu gidrogel loyihasi institut olimlarining ilmiy salohiyati va yuksak mahoratini namoyon etadi.

So‘nggi yillarda shunday zamonaviy tibbiyot ehtiyojlariga mos ishlanmalarning ko‘payib borayotgani milliy ilm-fan taraqqiyotining yorqin yutug‘i sifatida e’tirof etiladi.
Xo‘sh, mazkur ishlanmaning an’anaviy yara bog‘lamalaridan ustun jihatlari nimada?
Texnika fanlari doktori, professor Haydar Yunusovning ta’kidlashicha, gidrogel quyidagi afzalliklarga ega:
– Birinchidan, ko‘p funksiyali ta’sirga ega. An’anaviy bog‘lamalar asosan yarani yopish bilan cheklansa, ushbu gidrogel bir vaqtning o‘zida bakteriyalarni yo‘q qiladi, yallig‘lanishni kamaytiradi va oksidlanish stressini bartaraf etadi. Bu yaraning bitishi uchun muhim bo‘lgan biologik muhitni me’yorga keltirib, bitish muddatini qisqartiradi.

Ikkinchidan, yara joyiga mustahkam yopishadi. Midiya oqsili va temir ionlari tufayli gidrogel nam muhitda ham to‘qimaga yaxshi yopishadi. Bu xususiyat bo‘g‘imlar kabi harakatchan joylarda ayniqsa, muhimdir.
Uchinchidan, yarani nam muhitda saqlaydi. Gidrogelning suv saqlash qobiliyati yuqori bo‘lib, hujayralarning faol ko‘payishi va to‘qimaning tezroq tiklanishiga yordam beradi.

To‘rtinchidan, infeksiya xavfini kamaytiradi. Antibakterial xususiyatlari tufayli bakteriyalar ko‘payishi cheklanadi, bog‘lamani tez-tez almashtirish talab etilmaydi va ikkillamchi infeksiya xavfi pasayadi.
Beshinchidan, biomuvofiq va xavfsiz. Gidrogel to‘qimalarga zarar yetkazmaydi, allergik yoki zaharli ta’sir ko‘rsatmaydi va uzoq muddat qo‘llash uchun xavfsiz hisoblanadi. Shu bilan birga, yara bitishini tezlashtiradi. Yallig‘lanishni nazorat qilish va hujayralar uchun qulay muhit yaratish orqali asoratlar ehtimoli kamayadi.
Qisqacha aytganda, mazkur gidrogel an’anaviy yara bog‘lamalariga nisbatan faqat himoya vositasi emas, balki faol davolovchi platforma sifatida xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva,
O‘zA