Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida tug‘ilib o‘sgan Akobirxon Shukurov bugun o‘zbek ilm-fanining yangi avlod yetakchilaridan biri sifatida tanilmoqda. 2016 yilda magistrlik, 2021 yilda texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori darajasini olgan yosh olim, o‘z ilmiy yo‘lini to‘liq O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida boshlab, bugunga qadar o‘n yil davomida ilmiy izlanish olib kelmoqda.
Shukurovning izlanishlari polimer tarkibli dori vositalari yaratishga qaratilgan. Uning eng yirik yutug‘i — virusli ko‘z kasalliklarini davolash uchun mo‘ljallangan, bioeruvchan “GlazAvir” nomli noyob dorivor plyonkani yaratishdir.
Bu juda yupqa, lekin kuchli ta’sirga ega plyonka ko‘zga qo‘yilgach, asta-sekin eriydi va dori moddani bevosita kasallangan joyga yetkazadi. Natijada davolash samaradorligi bir necha barobar ortadi. “GlazAvir” virusga qarshi, yallig‘lanishni kamaytirish va immunitetni mustahkamlash xususiyatlariga ega.
Olim va uning jamoasi yaratgan bu plyonkalar klinikagacha bo‘lgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, “GlazAvir” bilan davolangan hayvonlarda kasallik alomatlari tez yo‘qolgan, ko‘z to‘qimalari tez tiklangan va umri an’anaviy davolash usullariga qaraganda ancha uzaygan.
Biroq muammo shundaki, mamlakatimizda bunday plyonka shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqaruvchi farmatsevtik korxona hozircha yo‘q. Shu bois klinik sinovlarni boshlash va keng ko‘lamda ishlab chiqarish jarayoni vaqtincha kechikmoqda.
Shunga qaramay, olimning ilmiy izlanishlari 40 dan ortiq maqolalarda, jumladan xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan. U bugun “Sellyuloza va uning hosilalari kimyosi va texnologiyasi” laboratoriyasining katta ilmiy xodimi sifatida nafaqat tadqiqot olib bormoqda, balki yosh kadrlarni tarbiyalab, ularni ilmga oshno qilishda ham hissa qo‘shib kelmoqda.
Mehnatsevarligi, vazminligi va ilmga bo‘lgan sadoqati bilan Akobirxon Shukurov institutning eng hurmatli mutaxassislaridan biridir. Uning “GlazAvir” ixtirosi esa shubhasiz, nafaqat o‘zbek, balki jahon oftalmologiyasi tarixida o‘z o‘rnini topishi mumkin bo‘lgan yirik yutuqdir.
Batafsil videoda:
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/ytfE4Sx7sek?si=LjjYtj3YfpCXlqux" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yoqubov, U.To‘xtayev, O‘zA