“O‘zbekneftgaz” AJ va “Schlumberger” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslar “ProSource Framework Advanced” yo‘nalishi bo‘yicha "NExT SLB" dasturi asosida Modellashtirish markazi xodimlari uchun o‘tkazildi.
O‘quv jarayonida asosiy e’tibor “ProSource” veb dasturining yangi imkoniyatlari bilan tanishish, ma’lumotlarni yuklash, vizualizatsiya qilish, tezkor eksport qilish usullarini o‘zlashtirish va informativ dasturlar yaratishga qaratildi. Shuningdek, ma’lumotlar bazasini mustaqil boshqarish hamda dasturning yangi funksiyalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Xizmat safari davomida mutaxassislar “Schlumberger” kompaniyasining innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishga ixtisoslashgan “Innovation Factory” bo‘limi bilan yaqindan tanishdi. Ular raqamlashtirish va avtomatlashtirish bo‘yicha so‘nggi yutuqlar, shuningdek, dunyo amaliyotida muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan yechimlar haqida ma’lumot oldi.
Ma’lumotlarni real vaqtda boshqarish, sun’iy intellekt yordamida quduqlardagi anomaliyalarni aniqlash, shuningdek, neft va gaz sohasi uchun lokal chat-botlar yaratish masalalari yuzasidan maxsus ma’ruzalar tinglandi.
Mutaxassislar neft va gaz sanoati ehtiyojlariga moslashtirilgan innovatsion uskunalar va raqamli yechimlarning namoyishlarida ham ishtirok etdi.
Kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan qatnashchilarga xalqaro darajadagi sertifikatlar topshirildi. Bu, o‘z navbatida, ularning malakasini yanada oshirish va ish samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA