
O‘zbek pazandachiligida somsapazlik qadimdan rivojlanib kelgan. Bu taomning varaqi somsa, ko‘k somsa, yalpiz somsa, qovoq somsa kabi ko‘plab turlari nozikta’b xo‘randalarni ham xushnud etgan.
Somsalar bayram dasturxonlarining ko‘rkiga aylangan. Navro‘zda ko‘katli somsalar tayyorlash odati asrlar osha saqlanib qolgan.
Somsa qadim zamonda yurtimiz va qo‘shni davlatlar orqali Xitoyga ham kirib borgan. Bu yurtda keng tarqalgan somsani xitoyliklar sevib iste’mol qilishgan. Tarixchi olim Abdulahad Xo‘jayevning yozishicha, xitoyliklar somsa tayyorlashda bir bo‘lak xamir ichiga ikki qadoq go‘sht, oq piyoz, dorivor, tuz kabilardan qilingan qiyma solib, uni olovda pishirishgan.
X asr ikkinchi yarmida yashagan arab geografi va sayyohi Muqaddasiyning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘onaning bodom solingan somsalari savdo karvonlari orqali boshqa hududlarga ham olib ketilgan. 1333 yilda Xorazmga kelgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta mehmondorchilikda dasturxonga yog‘li somsalar tortilgani haqida yozgan. Manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, temuriylar davrida Samarqandda ko‘plab somsapazlik do‘konlari bo‘lgan.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro shahrining aksar mahallalarida somsapazlar yashagan. Ularning shayx Muhammad Somsapaz ismli o‘z piri bo‘lgan. Uning qabri Boboyi Porado‘z maqbarasi yaqinida joylashgan. Buxoroda somsalar zindonda ham sotilgan. Ba’zida somsa sotuvchilar zindonga kelib, puli bor mahbuslarga somsa sotganlar.
Jizzax somsalari o‘sha vaqtlarda ham mashhur bo‘lgan. Taniqli yozuvchi Nazir Safarovning yozishicha, Jizzaxning so‘lim, bahavo, salqin go‘shalaridan biri bo‘lgan Qalandarxona choyxonasi yaqinida yashovchi Qurbonboy somsapaz har kuni peshingacha ikki tog‘ora, peshindan so‘ng ikki tog‘ora somsa yopib choyxonaga qo‘yib ketgan. O‘zi o‘tirib sotmagan, somsaxo‘r mijozlar somsadan keragicha olib, pulini maxsus qo‘yilgan sopol kosaga tashlab ketishgan.
Bu davrda Turkiston general-gubernatorligining markazi – Toshkentning Yangi shahar qismida 6 ta, Ko‘kcha va Sebzor dahalarida 3 tadan, Beshyog‘ochda 5 ta, Shayxontahurda 7 ta somsapaz va mantipazlar do‘koni bo‘lgan. Katta bozor atrofidagi ana shunday savdo nuqtalari 25 tani tashkil etgan. Sayohati davomida Toshkent bozorlarini aylangan amerikalik diplomat Yujin Skayler shaharning go‘shtli somsalarini tilga olib o‘tgan.
Endi ba’zi shaxslar hayotidagi somsa bilan bog‘liq ayrim qiziq voqealarga to‘xtalsak. Ikkinchi jahon urushi yillarida front nashrlaridan birining 1945 yil 14 apreldagi sonida “Pazanda oshpaz” nomli maqola e’lon qilingan. Maqola muallifining yozishicha, quroldosh do‘sti toshkentlik oddiy askar Yo‘ldosh G‘ulomov 3 nemis aeroplanini urib tushirgan zenitchi safdoshlarini alohida tayyorlangan somsalar bilan mehmon qilgan. Olovli jang maydonida tayyorlangan ushbu somsalar uni tatib ko‘rgan jangchilarni juda xursand etgan.
Abdulla Qodiriyning o‘g‘li Habibulla Qodiriy o‘z xotiralarida otasi erta bahorda bolalari bilan tepa jarlardan terib kelgan ko‘katlar – ismaloq yoki jag‘-jag‘dan tandir somsa tayyorlatganini yodga olgan. G‘afur G‘ulomning taklifi bilan 1961 yil yozida O‘zbekistonga kelgan taniqli hind adiblari Turbaxsh va uning o‘g‘li Navtej Singlar vodiy safaridan qaytayotganda bir o‘tovda ismaloq somsani tatib ko‘rib, xalqimizning mehmondo‘stligi va pazandaligiga qoyil qolishgan.
Alisher EGAMBERDIEV, O‘zA