O‘zbekistonda milliy sport o‘yinlari bilan bir qatorda an’anaviy sport musobaqalariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada yutuqlar qo‘lga kiritilayotganini ko‘rib turibmiz.
Kriket O‘zbekistonda sportning yangi turi hisoblanadi. 2019 yilda O‘zbekistonda Kriket federatsiyaci davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda kriket sport turini ommalashtirish va rivojlantirish, uning mavqeini har tomonlama oshirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat. Yoshlarni mazkur sport turiga keng jalb etish uchun federatsiya tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida kriket jamoalari faoliyat olib boradi.

O‘zbekiston kriket federatsiyasi mamlakatimizda ushbu sport turini keng rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratmoqda. 2021 yil 21 sentyabr kuni O‘zbekiston kriket federatsiyasi va Pokiston kriket kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga muvofiq, Pokiston kriket kengashi tomonidan mazkur sport turi bo‘yicha O‘zbekistonda o‘quv-ta’lim ishlari amalga oshiriladi. Bunda asosan murabbiylar va kriketchilar mahoratini oshirish uchun o‘quv-mashg‘ulotlari olib boriladi. Shuningdek, O‘zbekiston kriket federatsiyasi va Pokiston kriket kengashi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilingan va har ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida ham kelishuvga erishilgan. Maxsus dasturga muvofiq, Pokiston kriket kengashi tomonidan O‘zbekistonga pokistonlik mutaxassislar yuboriladi va ular tomonidan bosqichma-bosqich hakamlik va murabbiylik kurslari, turli darajadagi amaliy va nazariy o‘quv-yig‘inlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Pokistonning Laxor shahridagi Kriket milliy mahorat markazida turli yoshdagi jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etiladi.
Kecha Pokistonning Toshkentdagi elchixonasida O‘zbekiston kriket klubining Pokistondagi o‘quv yig‘iniga jo‘nab ketishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda nutq so‘zlagan Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ahmed Faruq o‘zbek kriket klubining Laxordagi mashhur jamoada o‘tadigan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishi ikki tomonlama aloqalarning yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tdi.
Kriket XVII asrda Shimoliy Amerika, Hindiston, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Afrika davlatlariga kirib borgan. Hozirda kriket ayniqsa, Janubiy Afrika, Hindiston, Pokiston, Shri-Lanka, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Afg‘oniston, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi ko‘plab davlatlarda juda ham mashhurdir.
Pokiston 1947 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritishi bilanoq barcha davlat tuzilmalari qatorida sport rivojiga ham alohida e’tibor qaratila boshlandi. Bu jarayonning tezlashishida Buyuk Britaniyadan qolgan mustahkam infrastruktura muhim omil bo‘lganini tan olish kerak. Sportning kriket yo‘nalishiga professionallar ham, havaskorlar ham jiddiy qiziqqani bois milliy assolsiatsiya tashkil qilishning yuridik jarayonlari murakkab bo‘lmadi.
1949 yilning 1 may kuni Pokiston kriket Kengashi tashkil topdi. O‘sha kuni Kengashning birinchi majlisi o‘tkazildi.
1952 yilning 28 iyul kuni Pokiston International Cricket Council to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. Shu tariqa oliy darajadagi xalqaro musobaqalarda (Test) ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Pokiston terma jamoasining Test doirasidagi ilk o‘yinlari 1952 yilning oktyabrida bo‘lib o‘tdi.
Pokiston kriket kengashi nafaqat halqaro darajadagi (Test, ODI va Twenty20), balki milliy chempionatlarni ham o‘tkazish uchun ma’sul.
Pokiston milliy jamoasi muntazam ravishda Champions Trophy va Asian Cup da ishtirok etib keladi, Austral-Asia Cup va Asian Test Championship musobaqalarida qatnashadi. Bu musobaqalarda bir necha bor zafar quchgan.
Pokistonda kriket shunchaki sport turi emas, balki birlashtiruvchi kuchdir.
Sharofiddin To‘laganov