Sarhisob
O‘zbek kino san’ati boy tarixga ega bo‘lib, milliy madaniyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Ko‘plab filmlarimiz o‘zida tarixiy, madaniy va ijtimoiy mavzularni mujassam etib, nafaqat mahalliy, balki xorijlik tomoshabinlarning ham e’tiborini tortib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 iyundagi «Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ham soha rivojiga oid muhim vazifalar belgilangan.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar xususida Kinematografiya agentligi kinoloyihalar boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek RO‘ZIMETOV bilan suhbatlashdik.
– 2024 yilning 16 may kuni Prezidentimiz Milliy kino san’ati saroyiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida davlat rahbari O‘zbekiston kino san’ati muzeyi bilan tanishib, bir guruh kinoijodkorlar bilan muloqot qildi. Shu bilan birga, uchrashuvda “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, – deydi Jo‘rabek Ro‘zimetov. –Oradan qisqa vaqt o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi tasdiqlandi va 54 ta tarixiy film ishlab chiqarilishi belgilandi.
Ushbu dastur orqali xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati, azaliy qadriyat va an’analari, ezgu orzu-intilishlarini chuqur ilmiy asoslarga tayanib, to‘laqonli aks ettirish, Vatan ozodligi va ravnaqi yo‘lida kurash olib borgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining murakkab hayoti va davlatchilik faoliyatini xolis va haqqoniy ko‘rsatib berish ko‘zlangan.
Bundan tashqari, hujjatda tariximizda yorqin iz qoldirgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, alloma va mutafakkirlar, shoir va adiblar, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz, atoqli san’atkorlarning ilmiy-ijodiy merosi, ularning umumbashariy tamaddun rivojiga qo‘shgan munosib hissasini yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada namoyish etish kabi olijanob vazifalarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Prezident qarori va unda belgilangan topshiriqlar ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida “Tirik tarix“ dasturiga kiritilgan filmlarni yuqori saviyada ishlab chiqarish maqsadida kinoijodkorlar uchun yetuk adabiyotshunos va tarixchi olimlar ishtirokida joriy yilning 5 sentyabridan 12 sentyabriga qadar “Maxsus adabiyot”, 18 sentyabrdan 26 sentyabrga qadar esa “Maxsus tarix” o‘quv kurslari tashkil qilindi. “Tirik tarix” dasturining maxsus logotipi tanlov asosida yaratildi.
“Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan 10 ta film taqdimotlari yuqori saviyada tashkil etildi. 18 ta filmni esa xalqaro hamkorlikda suratga olish rejalashtirilgan.
– 2024 yilda ishlab chiqarilgan kinoloyihalar haqida gapirib bersangiz?
– 2024 yil davomida Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida 123 ta kino mahsulotlari ishlab chiqildi. Shundan 18 tasi badiiy film. Jumladan, “Bahodir Yalangto‘sh”, «Xaus», «Pandemiya. Kovid-19», “Ofitser 55”, «Ajiniyoz», “Qari qiz”, «Bir kuni Samarqandda», «Maxtumquli Firog‘iy», «Uch qahramon», «Uyga qaytish», «Sevdo», «Bahorni quvib...», “Yangi yil”, “Odina”, “Samuray” va boshqalar. Shuningdek, 54 tasi hujjatli, 10 ta animatsion, 32 ta qisqa metrajli filmlar, 2 tasi ijtimoiy rolik hamda 9 tasi serial hisoblanadi.
– Bugungi bolakaylarning ko‘pchiligi xorijiy animatsion filmlarga qiziqadi. Shu ma’noda Kinematografiya agentligi tomonidan qanday ijodiy ishlar amalga oshirildi?
– Darhaqiqat, bugun milliylik tushunchasini bolaga uni aqlini taniganidan boshlab, turli ezgulikka chorlovchi so‘zlar, qo‘shiqlar va shuning bilan birga, animatsion filmlar orqali singdirib borish bizning vazifamizdir. Albatta, buning uchun salohiyatli ijodkorlar, jumladan, bolani tushunadigan, uning ruhiyatini his qila oladigan, nozik didli soha vakillarining ko‘magi ham muhim.
Ayni paytga qadar esa agentlik buyurtmasi bilan bolalar uchun 10 ta animatsion film ishladik. Xususan, «Mitti arxeolog», «Muzeydagi sarguzashtlar», «Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat», «To‘maris», «Shiroq», «Buyuk bobolar bolaligi» kabi tarixiy mavzuga qiziqtiruvchi asarlarga qo‘l urdik. Bundan tashqari, «Olovjon va uning do‘stlari», «Musbatoy va Manfiybek», «Shum bolaning sarguzashtlari» kabi ezgulik tantana qiluvchi multfilmlar yaratildi.
– Bilamizki, bugun tomoshabinni kinoteatrlarga jalb qilish oson ish emas. Chunki texnologiyalar asrida yashayapmiz. Insonlar internet orqali istagan filmlarni ko‘rish imkoniyatiga ega…
– Bilasizmi, bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan kinoteatrlar soni 40 tani tashkil qiladi. Ularda 106 ta zamonaviy zal faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan birga, milliy kinematografiyani keng targ‘ib qilish maqsadida filmlarimizni dunyodagi eng ommabop internet platformalariga 2 ta tilda joylashtirib bormoqdamiz.
– Sohadagi xalqaro hamkorlikka to‘xtalsangiz?
– Bugungi ishlarimiz sirasiga filmlar orqali milliyligimizni nafaqat mustahkamlash, balki uni xalqaro miqyosida ham ko‘rsata olish vazifasi qo‘yilgan. Joriy yilda 15 ga yaqin xalqaro tadbirlarda o‘zbek kinoijodkorlari faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, Tehron shahrida o‘tkazilgan 42-xalqaro «FAJR», Annau shahrida bo‘lib o‘tgan «Xalqaro turkiy dunyo media forumi», Izmir shahridagi «Turon» II xalqaro kinofestivali hamda Olmaota shahrida o‘tkazilgan «Forobiy» xalqaro talabalar filmlari festivallarida o‘zbek kinoijodkorlari qatnashdi.
Shu bilan birga, Bishkek, Boku, Ashxabod hamda Moskvada «O‘zbekiston madaniyati kunlari» doirasida «O‘zbek kinosi kunlari» tadbirlari tashkillashtirildi. Shuni alohida qayd etish joizki, 2024 yilning IV choragi davomida 18 ta yangi ishlab chiqarilgan badiiy, 40 ga yaqin hujjatli filmlarning taqdimotlari o‘tkazildi.
– Milliy qadriyat va urf-odatlarimiz aks etgan filmlar xorijda qanday qabul qilinmoqda?
– Har bir ijodkor o‘z mehnatining qadrlanishi bilan ilhom oladi. Bugun yurtimiz ijodkorlari nafaqat milliy qahramonlar, balki qo‘shni xalqlarning yetuk shaxslari siymosiga ham hurmat bilan yondashib ijod qilmoqda. Jumladan, xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi «Maxtumquli Firog‘iy» tarixiy-badiiy filmi Turkmanistonda IV «Qo‘rqut ota» kinofestivalining “Eng yaxshi film” deb topilib, Gran-pri mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, rejissyor Muzaffarxon Erkinovning «Puankare» badiiy filmi «Slavyan ertagi» XII xalqaro kinofestivalining «Badiiy film uchun eng yaxshi rejissyorlik ishi» nominatsiyasi bo‘yicha Gran-pri bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, Shokir Xoliqovning «Oyoq» badiiy filmi loyihasi «Busan International Film» kinofestivalida «Kongchak Studio Award» nominatsiyasida mukofotlandi. Boku xalqaro kinofestivalida esa ushbu rejissyorning «Yakshanba» filmi «Eng yaxshi ssenariy» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Hindistonning Goa shahridagi 55-xalqaro kinofestivalda taqdimoti o‘tkazilgan «Xaus» badiiy filmi esa «Tomoshabinlar mehrini qozongan film» mukofoti bilan taqdirlandi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz tomonidan ko‘plab sohalar qatori kino san’atiga berilayotgan e’tibor ham o‘z natijalarini bera boshladi.
O‘zA muxbiri
Marhabo HOJIAKBAROVA
suhbatlashdi.