O‘zbek kashtachiligi Venetsiyada namoyish etildi
Venetsiyada tashkil etilgan ko‘rgazmada hunarmand Madina Qosimboyeva milliy so‘zana san’atini jonli ijodiy jarayon orqali namoyish etdi.
Madina Qosimboyeva respublikamizning taniqli hunarmand ayollaridan biri bo‘lib, an’anaviy kashtachilikni rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. U 24 yildan beri kashtachilik bilan shug‘ullanadi va "Shon-sharaf" medali sovrindori.
2007-yildan beri Madina Qosimboyeva "Hunarmand" uyushmasining a’zosi bo‘lib, 2016-yilda O‘zbekiston rassomlar, san’atshunoslar va xalq hunarmandlari uyushmasiga a’zo bo‘ldi.

Madina Qosimboyevaning ijodiy asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, AQSH, Turkiya, Fransiya va MDH mamlakatlaridagi shaxsiy kolleksiyalarda ham namoyish etilmoqda. 2023-yildan beri rassom tomonidan kashta qilingan ikkita chopon Britaniya muzeyida doimiy ravishda namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma davomida tashrif buyuruvchilar kashtaning yaratilish jarayonini kuzatish, naqshlarning nozik detallarini yaqindan ko‘rish va an’anaviy texnika bilan bevosita usta ijodi orqali tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA