Bugungi kunda yurtimizda sportning Karate WKF turi jadal ommalashmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 3 noyabr kuni qabul qilingan "Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori o‘zbek karatesida yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu qarorga muvofiq, karate WKF bo‘yicha yuqori malakali professional sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida tayyorlash maqsadida O‘zbekiston karate WKF assotsiatsiyasi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizning turli hududlarida trener hamda hakamlar uchun o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu seminar to‘rt hudud kesimida o‘tkaziladi. Jumladan, 1-hududda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyati, 2-hududda Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati, 3-hududda Farg‘ona, Andijon hamda Namangan, 4-hududda Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridan kelgan trener, hakam va mutaxassislar ishtirok etadi.

Seminar davomida ishtirokchilar 5 yo‘nalish bo‘yicha salohiyatlarini yanada yuksaltirish bilan birga, mazkur sport turining yangi qoidalaridan boxabar bo‘ladi. Bundan tashqari karatechilarning mahoratini yanada oshirish borasidagi bilimlari oshiriladi.
N.Rahmonova, O‘zA