O‘zbek jang san’ati ustalari Toshkentda bellashadi
Bugun, 26 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha mamlakat kubogi bahslariga start berildi.
Yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida o‘tayotgan bahslarda ushbu jang san’ati bilan shug‘ullanib kelayotgan mahoratli sportchilar “Kompleks mashq”, “Temuriylarning jang usuli”, “Assalom tong” va ko‘rgazmali chiqish yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlarga kirishdi.
Uch kun davom etadigan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning jamoalari to‘liq tarkib bilan qatnashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil uchun mo‘ljallangan ommaviy sport musobaqalari taqvim rejasiga muvofiq o‘tayotgan kubok musobaqalarida sportchilar 102 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston kubogining tantanali ochilish marosimi bugun, kunning ikkinchi yarmida tashkillashtiriladi.
Bahslar 28 oktyabrga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA