O‘zbek jang san’ati sport turining rivoji murabbiy va hakamlarning bilimi bilan belgilanadi
Mamlakatimizda milliy sport turlarini rivojlantirish orqali azaliy qadriyatlarimizni xalqaro maydonda ulug‘lash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yanada rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina yurtimizda o‘zbek jang san’ati sport turining vujudga kelishi va ommalashishi natijasida bugungi kunda 50 ming nafardan ziyod yoshlar ushbu sport turi bilan qamrab olingan bo‘lib, joylardagi to‘garak va mashg‘ulot zallarida ming nafarga yaqin murabbiy mutaxassislar ushbu sport turida mashg‘ulotlar olib bormoqda

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘zbek jang san’ati sport turi bo‘yicha hakamlar va murabbiylar uchun o‘tkazilayotgan seminar davomida shu haqda so‘z bordi.

Murabbiy va hakamlarning kasbiy bilim hamda malakalarini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur seminar o‘zbek jang san’atini yanada rivojlantirish, musobaqalarda hakamlik jarayonlarini yagona standart asosida olib borish nazarda tutilgan bo‘lib, unda amaldagi hakamlik qoidalari, baholash mezonlari, bahsli vaziyatlarni hal etish, sportchilar xavfsizligini ta’minlash masalalari tahlil qilindi.

– Davlatimiz tomonidan ommaviy sportni rivojlantirishga, milliy sport turlari taraqqiyotiga e’tibor qaratilayotganligi natijasida o‘tgan ikki yil davomida o‘zbek jang san’ati alohida sport turi sifatida BRIKS sport o‘yinlari tizimiga kiritildi. O‘tgan yili Turkiyada o‘tkazilgan Etnosport o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqish va musobaqalar tashkil etildi. Janubiy Koreya, Qozog‘iston kabi davlatlarda chempionatlar o‘tkazilib, xalqimizga xos an’ana, sport liboslari, jang san’atining usullari keng targ‘ib qilindi. Joriy yilning 31-avgust-6-sentabr kunlari Qirg‘izistonda o‘tadigan “VI Butunjahon ko‘chmanchilar” o‘yinlarida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha alohida musobaqa tashkil etilayotgani, ushbu seminar mazkur o‘yinlardagi musobaqalarda qatnashadigan hakam va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi O‘zbekiston jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov.
Murabbiylar va hakamlar uchun o‘tkazilayotgan mazkur seminar 31-iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA