O‘zbek ipakchiligi xorijliklar e’tiborida
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida Yaponiyaning “Cooperative of Japan silk & silk thread development” ipak ishlab chiqaruvchi, “Shin-Masuzawa Industrial” ipak o‘rash dastgohlari ishlab chiqaruvchi, “Japan International Cooperation Agency” – JICA hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbarlari ishtirokida amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda xalqaro hamkorlarga o‘zbek ipakchiligining tarixi va bugungi istiqbollari xususida ma’lumot berildi. Jumladan, o‘tgan 4-5 yillik davr mobaynida ushbu sohaga doir o‘nlab qaror va farmonlar qabul qilingani va amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgani qayd etildi.

Jahon bozori kon’yunkturasining tez fursatlar bilan o‘zgarib borayotganligi, iste’molchilarning talablari kuchayayotganligi, shuningdek, xorijiy bozorlarda o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshayotganligi pillachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Halqaro hamkorlar institutda olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar, ipak qurti seleksiyasi, pillachilikni mexanizatsiyalash, sun’iy ozuqa yaratish, ipak qurti genetikasi hamda ipakchilik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA