O‘zbek ipagi dunyo bozorida xaridorgir
So‘nggi yillarda pillachilik sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yangicha yondashuv tufayli tarmoqda yuqori samaradorlik ta’minlanyapti.
Ayniqsa, jahon bozorida o‘zbek mahsulotlariga talab oshayotganligi sohani rivojlantirish tendensiyasini yanada oshiradi.
Pillachilik sohasidagi yuqori samaradorlik, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, kelajakdagi rejalar xususida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Prezidentimizning o‘tgan 4-5 yil mobaynida sohaga doir qator qaror va farmonlari, ularning amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgani ipakchilik tarmog‘i rivojiga xizmat qilmoqda. Hujjatlar asosida pillachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususan, ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, ipak qurti urug‘i va pilla yetishtirish, uni tayyorlash va birlamchi qayta ishlashni takomillashtirish, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish va investitsiyalarni keng jalb qilish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
O‘tgan yilning o‘zida 117,4 million AQSH dollarlik 101 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. 2021 yili 862 mingdan ortiq fuqarolar shu sohada mehnat qildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 1 million 130 ming nafardan oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayni paytda barcha kasanachilar bilan shartnomalar tuzib qo‘yildi. Uchinchi va to‘rtinchi mavsumda pilla yetishtirish hisobiga ko‘rsatkichni 27 ming tonnaga yetkazish va 96 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 2022 yil davomida 115 ta loyiha doirasida 132 million AQSH dollariga teng xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi. E’tiborlisi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalarning mahsulotlari savdosi bo‘yicha Respublika tovar-xomashyo birjasida maxsus platforma ishga tushirildi.
Sohaga aynan Prezidentimizning e’tibori sabab bugun eski pillaxonalar o‘rniga zamonaviy ipakchilik klasterlari tashkil etildi va qisqa davrda ularning soni 74 taga yetdi. Agar yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2017 yilda bunday korxonalar soni bor-yo‘g‘i 19 ta edi va 30 foiz quvvat bilan ishlardi, xolos. Endilikda eski, tashlandiq binolar “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga berildi. Buning ortidan yuzlab ish o‘rinlari yaratildi. Sohaga berilayotgan e’tibor pilla yetishtiruvchilarni behad quvontirayotgani bor gap.
Pilla yetishtiruvchilar qayta ishlash korxonasi bilan kelishgan holda bir kilogramm hosil uchun 24 ming 700 so‘mdan haq olmoqda. Misol uchun, 2 quti ipak qurtini parvarishlagan pillakor 1 oyda 2,8 million so‘m daromad olayotgan bo‘lsa, subsidiya ajratilishi natijasida daromadi 3,4 million so‘mga yetadi. 2022 yili yetishtiriladigan pilla hisobiga ushbu subsidiyani berish uchun Davlat byudjetidan 120 milliard so‘m, shuningdek, tarmoq korxonalari tomonidan pilla narxining 10 foizga oshirilishi natijasida pillakorlarga 54 milliard so‘m mablag‘ beriladi.
Umuman, davlat tomonidan taqdim qilinayotgan imtiyoz nafaqat pillachilik rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi, balki pillakorlarning hayot darajasini oshirishga ham xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat shundan iboratki, pillakorning qisqa muddatli ishi rasmiylashtirilib, pensiya yoshi uchun talab etiladigan stajning uzluksizligi ta’minlanmoqda. Bularning barchasi davlatning soha rivojiga qaratayotgan e’tiborining amaldagi natijasidir.
bugungi kunda pillamizga 24 ta xorijiy davlat xaridor. Mamlakatimizdagi mahalliy urug‘chilik korxonalari tomonidan 2022 — 2026 yillarda 2 milliard 190 ming quti urug‘ tayyorlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 2022 yilda 320 ming quti, 2023 yilda 380 ming quti, 2024 yilda 460 ming quti, 2025 yilda 500 ming quti va 2026 yilda 530 ming quti ipak qurti urug‘i yetishtirish mo‘ljallanayotgani ham bejiz emas. Chunki bugungi kunda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan dunyoning turli iqlim sharoitlariga ega davlatlardan 120 dan ortiq ipak qurti zotlari olib kelinib, ipak qurti genofondini kengaytirish va uni kelajak avlodga yetkazish maqsadida ko‘paytirilib kelinmoqda. Institut olimlari tomonidan ushbu zotlar ishtirokida seleksiya ishlari olib borilishi natijasida zamon talablariga javob beradigan 10 dan ortiq yangi ipak qurti zot va duragaylari paydo bo‘ldi.
Institutda dunyoning 16 ta mamlakatidan keltirilgan tutning 240 ta navi, shakl va tizimlaridan iborat tut kolleksiyasi tashkil etildi. Mazkur navlar ishtirokida 100 dan ortiq yangi tut navlari va duragaylari yaratildi.
2026 yilga borib ipak mahsulotlari eksporti hajmi 191 million AQSH dollaridan oshishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha amalga oshsa, 2021 yildagiga nisbatan 104 million 3 ming AQSH dollari miqdorida ko‘p mahsulotni eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Yana shuni ta’kidlash joizki, 2021 yilda eksport hajmi 87 million 5 ming AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich belgilangan rejaga nisbatan 101 foizga tengdir.
Shuningdek, ipak mahsulotlari sifatini nazorat qilish va oshirish maqsadida bugungi kunda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi qoshida sinov laboratoriyasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilda tizimdagi barcha pillachilik klasterlarida bunday sinov laboratoriyalari to‘liq ishga tushirilishi ta’minlanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, Andijon viloyatida 2022 yilda 54,6 ming quti ipak qurti parvarishlash rejalashtirilgan bo‘lib, “Asaka Silk Worm” MCHJ va “Andijan Guang Tong” MCHJ korxonalari tomonidan 2022 yil uchun 60 ming quti ipak qurti urug‘i tayyorlandi, viloyatda ipak qurti urug‘ini yetishtirish 100 foiz mahalliylashtirildi.
Shuningdek, 2023 yil uchun ipak qurti urug‘chilik korxonalari tomonidan ipak qurti urug‘larini tayyorlashda mahalliy mahsulot ulushini ko‘paytirish maqsadida mahalliylashtirish darajasi 72,2 foizga hamda 2024 yilda 81,5 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
bugungi kunda O‘zbekistonda pilla yetishtirish tizimli ravishda tashkil etilganligi sababli bizning tajribamizni o‘zlarida joriy qilish bo‘yicha qo‘shni davlatlardan takliflar tushmoqda.
Masalan, Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan “Xorazm pilla xolding” MCHJ va Ozarbayjon Respublikasining Sheke tumanida joylashgan “Ozar ipagi” korxonasi hamkorligida ushbu mamlakatning Barda tumanida pillachilikka ixtisoslashtirilgan O‘zbekiston — Ozarbayjon qo‘shma korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani fikrimizga aniq misol bo‘la oladi.
Bundan tashqari, tojikistonlik mutaxassislar O‘zbekistondagi ipak qurti boqish tajribasini o‘rganish taklifini bildirishmoqda. Shu bois “Surxon ipagi” MCHJ korxonasi tomonidan Tojikistonda 5 ming quti ipak qurti parvarishlandi.
bugungi kunda 74 ta pillachilik klasteri tomonidan 7,5 ming tonna quruq pilla qayta ishlanmoqda. 2021 yilda 2 ming 378 tonna yoki 2020 yilning mos davridagiga nisbatan 7 foiz ko‘p xom ipak ishlab chiqarildi.
Shuningdek, pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan ipak mahsulotlari turlari bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda. Jumladan, 2021 yilda ipak momiqini ishlab chiqarish 793 tonna, kalavalangan ipak ipi tayyorlash 9 154,7 ming pogon metr, ipak gilam ishlab chiqarish 342 dona, tayyor ipakli mahsulotlar turkumi esa 935,7 ming donani tashkil etmoqda.
Sohada 2021 yilda 862 ming 500 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, pilla yetishtirish hajmini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga bandligi ta’minlangan aholi sonini 2026 yilda 1 million 322 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Binobarin, pillachilikda ish o‘rnining ko‘payishi sohaning ravnaq topishi bilan chambarchas bog‘liq. Chunki pillani xomashyo shaklida sotishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlash orqali ipak kalavalarga aylantirish ko‘proq daromad keltirsa, maxsus uskunalarda tayyor gilam yoki liboslar ko‘rinishiga keltirish yanada mo‘lroq foyda olishni nazarda tutadi. Buning samarasi o‘laroq esa o‘zbek ipagining dunyo bozorida xaridorgirligi ortadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA