Vatanimiz tarixidagi 20 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1411 yil (bundan 614 yil oldin) – temuriyzoda Shohrux tomonidan o‘n to‘rt yoshli o‘g‘li Boysunqur Mirzoga atab Hirotning shimoli-sharqida bunyod ettirilgan “Bog‘i safed” tantanali suratda ochildi. Bog‘dagi qasr oq (safed) marmardan qurilgan, Abdurazzoq Samarqandiy “Bog‘i safed”ning bino etilishini ta’riflab, qasrini bezashda “Epchil qo‘lli naqqoshlar har bir xonaga (o‘z hunarlaridan) bir nusxa yasaganlar va har bir boloxonaga... bir manzarani ishlaganlar, qasr devorining izorasi va bog‘ atrofi devorlarining ustiga yashma toshi qo‘yilgan, ustiga bo‘rttirib ishlangan rasmlar chizib, naqshlangan”, deb yezadn. Boysunqur Mirzo bog‘da istiqomat qilib, o‘z ilmiy, adabiy anjumanlarini ham shu yerda o‘tkazgan.
1529 yil (bundan 496 yil oldin) – shayboniylar sulolasidan bo‘lgan Jonibek sulton Karmanaga qarashli Miyonqol tumanining Kufin qishlog‘ida vafot etdi. U ma’rifatparvar kishi bo‘lib, atrofiga Ro‘zbehon Isfahoniy, Podshohxoja kabi olimlarni to‘plagan. 1520-yillari Farg‘onadan Maxdumi A’zam (Jaloliddin Ahmad Kosoniy)ni ham Karminaga chaqirtirgan edi.
1559 yil (bundan 466 yil oldin) – shoir va tazkiranavis olim Muhammad Noyi Mutribiy tavallud topdi. Mutribiy dastlabki ma’lumotni ona shahri Samarqandda olgan, so‘ng Buxoroga borib, atoqli shoir va tazkiranavis olim Hasanxoja Nisoriyga shogird tushgan. 1620 yildan boshlab Mutribiy asosan Samarqandda istiqomat qilgan va Samarqand hokimi Hojiboy qushchining xizmatida bo‘lgan. 1625 yilning kuzida o‘g‘li Muhammad Alini o‘zi bilan birga olib, Hindistonga jo‘nab ketadi. Bu vaqtda u 69 yoshda bo‘lgan va 1627 yili Samarqandga qaytib kelgan. Uning bundan keyingi taqdiri va vafot etgan yili ma’lum emas.
1905 yil (bundan 120 yil oldin) – o‘zbek folklorshunosligi asoschisi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlarining to‘plovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Hodi Zarif tavallud topdi (vafoti 1972 yil). U o‘zbek xalq baxshilaridan “Yusuf bilan Ahmad”, “Yodgor”, “Ravshan”, “Rustamxon”, “Ochildov” kabi mashhur dostonlarni yozib olgan, shuningdek, ertak, qo‘shiq va maqollar, dialektologiya va etnografiyaga oid materiallar, tarixga oid hujjat va yodnomalar to‘plagan. Hodi Zarif o‘zbek folklorshunosligida o‘z maktabini yaratgan. U, vafotidan so‘ng, 1973 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston davlat nashriyoti tashkil etildi. Mazkur nashriyot ommaviy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy adabiyotlarni nashr etish ustidan mafkuraviy nazorat o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan edi.
1970 yil (bundan 55 yil oldin) – hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Erkin Vohidovning “Oltin devor” komediyasi asosida sahnalashtirilgan spektaklning premerasi bo‘lib o‘tdi. Bu – iste’dodli shoirning birinchi sahna asari bo‘lishiga qaramay, shuhrat topdi va sahnabop asar deb tan olindi. Rejissyor T.Xo‘jayev spektaklda maishiy mavzuning ijtimoiy ildizlarini ko‘rsata oldi.
Asar ikki qo‘shni, ko‘p yillik qadrdonlar – Abdusalom bilan Mo‘minning quda bo‘lishga ahd qilishidan boshlanadi. To‘yni bir joyda o‘tqazish maqsadida o‘rtadagi devor buziladi. Biroq mana shu eski paxsa devor buzilganda, kutilmaganda ular bir xumcha oltin topib olishadi. Hamma mashmasha mana shundan keyin boshlanadi. Shuni alohida qayd tish joizki, xazina topish bilan bog‘liq voqealar jahon komediya san’ati tarixida qadimgi yunon dramaturgi Plavtning “Xazina” komediyasidan boshlab ko‘p marta yoritilgan bo‘lsa-da, o‘zbek dramaturgiyasi uchun yangilik edi.
1968 yil (bundan 57 yil oldin) – Oybek o‘zining “Guli va Navoiy” dostonini yozib tugatdi. Asar xalq og‘zaki ijodidagi afsona asosida yozilgan bo‘lib, unda Navoiy va Guli ismli qiz o‘rtasidagi munosabatlar tasvirlanadi. Doston voqealari Hirot shahrida, Navro‘z ayyomi munosabati bilan o‘tkaziladigan sayil paytida boshlanadi. Aynan shu yerda Alisher va Guli uchrashadilar. Asarda sevgi va vafo mavzulari muhim o‘rin tutadi. Xalq dostonida Navoiy va Gulining sevgi va vafo haqidagi qarashlari tasvirlangan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Protokol imzolandi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida Toshkent zarbxonasi ishga tushirildi. Zarbxonada O‘zbekiston Respublikasining tangalari, orden, medallari, ko‘krak nishonlari va boshqalar ishlab chiqariladi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qomuslar Bosh tahririyati negizida “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tashkil etildi. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ni, shuningdek ko‘p jildli o‘zbek tilining izohli lug‘ati, soha ensiklopediyalari, ko‘p tilli lug‘atlar hamda ma’lumotnomalarni tayyorlash va chop etish nashriyotning asosiy vazifasi etib belgilandi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘rta Osiyoda yagona Qizilqum fosforit kombinatining birinchi navbati to‘la quvvat bilan ishlay boshladi.
2012 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi – axborot resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”, “«Xalq cholg‘ulari ijrochilari», Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Milliy raqs ijrochilari» va Yunus Rajabiy nomidagi «Yosh maqom ijrochilari» respublika ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Xiva shahrida Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan Og‘ir atletika sport turini 2024–2026 yillarda kengroq rivojlantirish dasturi hamda 2024–2026 yillarda og‘ir atletika sport turini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA