O‘zbek diplomatiyasining fidoyisi edi...
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach juda katta muammoli, ammo dolzarb masalalar oldinda turardi. Ulardan biri – xorijiy mamlakatlarda elchixona ochish edi. Bu xalqaro huquqiy me’yor va tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladigan jarayon. Ularga shak-shubhasiz rioya qilinishi shart. Ammo boshqa, tashkiliy masalalarni yechish ham zarur edi.
Birinchidan, elchilik lavozimiga tajribali, diplomatiya ilmiga ega vatanparvar, fidoiy shaxslarni tanlash lozim. O‘zbekistonning sobiq sho‘ro davrida xorijiy mamlakatlarda elchilari bo‘lmagan, tabiiyki, endi bu sohada ilk bor ishlaydiganlarni tanlash kerak edi.
Ikkinchidan, elchixona faoliyat yuritishi uchun o‘sha mamlakatda bino, axborot uzatish maxsus jihozlari, transport, diplomatlarga uy-joy, ish haqi... Xullas, bitta elchixonaga bir necha o‘n millionlab dollar mablag‘ talab qilingan. Yosh O‘zbekiston davlatida esa bu borada hali tajriba yo‘q edi.
Uchinchidan, diplomatiyaning dunyo hamjamiyati qabul qilgan majburiy protokol – rasmiy qoidalari ham borki, elchi uni mukammal bilishi, faoliyatida rioya qilishi muhim jihat. 1991 yilda esa bu talablarga javob beradiganlar sanoqli edi.
O‘shanda shaxslarning ilm va vatanparvarligiga urg‘u berildi. Dastlab O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega davlatlarga elchilikka nomzodlar tanlandi. Janubiy Koreya iqtisodi rivojlangan, siyosiy qarashlarida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlovchi, tarixan bog‘liqlik jihati bo‘lgan davlatlardan biri edi.
Elchilikka nomzod tanlashda hammasini davlat rahbarining qarori hal qildi. Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Vitaliy Vasilevich Fen muvaqqat vakil etib tayinlandi. Unga o‘zga mamlakatda hammasini boshidan boshlash vazifasi yuklatildi. Ikki nafar xodim bilan Seuldagi binolardan uchta xona ijaraga olinib ish boshlandi. Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i qadaldi. Bugun esa O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi Seulning qoq markazidagi eng hashamatli binolardan birida joylashgan. Vitaliy Fen esa Janubiy Koreyadagi xorijiy mamlakatlar elchilari korpusining rahbari etib saylandi. Bu uning diplomatik tajribasiga berilgan yuksak baho edi.
Vitaliy Fen millati koreys bo‘lsa-da, u Marg‘ilon markazidagi mahallada tug‘ilib o‘sgan. Milliy urf-odatlarni yaxshi bilar, diniy e’tiqodda ham islomni qabul qilgan, yosh, ammo intiluvchan, izlanuvchan, sadoqatli inson edi. Sport bilan shug‘ullanib, mamlakat birinchiliklarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, anchayin taniqli bokschi bo‘lgan. Keyinchalik sport ma’muri-viloyat sport qo‘mitasi raisi, respublika sport qo‘mitasi rais o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
Ilgari rahbarlik lavozimlarida orttirgan tajriba unga qo‘l keldi. U tez orada Janubiy Koreya tadbirkorlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi. Ularni O‘zbekiston kelajagiga ishontira oldi. Koreys investorlarini O‘zbekistonga olib kelishda haqiqiy fidoyilik ko‘rsatdi. Bugun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qo‘shma yoki xorijiy korxonalarning aksariyat qismi shaxsan Vitaliy Fen da’vati bilan yurtimizga kelgan. O‘zbekiston – Koreya Respublikasi tovar aylanmasi o‘n milliardlarga yetishida ham o‘zi kamtar, ammo izchil elchining xizmatlari katta.
Vitaliy Fen o‘zi elchi bo‘lgan mamlakat rahbariyati bilan tez til topisha olgan diplomat sifatida tarixda qoldi. Janubiy Koreyaning barcha prezidentlari, tashqi ishlar vazirlari uni ishchanligi, o‘z vazifasini yaxshi bilgani uchun hurmat qilar edi. Bir gal men ijodiy safar bilan Koreyaga borganimda Seul meri qabul qildi. Uning o‘shanda aytgan so‘zlari hamon esimda:
– Vitaliy Vasilevich diplomatiya sohasida bizga, jumladan, shaxsan menga ustoz, deb bilaman, – degan edi Seul meri Li Men Bak.
Keyinchalik bu inson Koreya Respublikasiga Prezident etib saylandi.
Vitaliy Fen O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga borgan barcha insonlarga, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, e’tiborli edi. Imkon qadar uyiga taklif qilib, Lyudmila opa (rafiqasi, xudo rahmat qilsin) pishirgan totli somsa va Marg‘iloncha osh yedirmay jo‘natmas edi. O‘zi Farg‘onaga kelganida esa birinchi galda musibatdor xonadonlarga borib fotiha o‘qirdi. Bemorlardan xabar olardi. Do‘stlaridan vaqtini ayamas edi.
Men bir necha bor Koreyada xizmat safarida bo‘ldim. Har gal axboriy, tashkiliy ishlarda yordam bergan. Jurnalistlarga alohida e’tibor ko‘rsatardi. Bir gal Ko Jo Do orolida ikki o‘zbek ayoli firibgarlar tomonidan tutqinda qolgani haqida gapirib berdim. Ikki kun o‘tmay, ularni ozod qilib O‘zbekistonga jo‘natdi. Umuman, Koreyada ta’lim olayotgan, ishlayotgan vatandoshlarning eng yaqin ko‘makchisi edi Vitaliy Vasilevich Fen.
O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchisi lavozimida 25 yil davomida ishlagan Vitaliy Fen davlatimizning yuksak mukofotlari: “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlandi. Janubiy Koreyaning “Gvangxva” ordeni ham uning ikki mamlakat munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berilgan.
Vitaliy Vasilevich Fen shubhasiz, o‘zbek diplomatiyasi tarixida yorqin sahifa qoldirdi...
Bu satrlarni o‘tgan zamon fe’li bilan yozish qanchalar og‘ir. Vitaliy Vasilevich Fen 77 yoshida og‘ir kasallikdan so‘ng 2024 yil 18 iyun kuni vafot etdi. Bugun, 19 iyun kuni Farg‘ona ko‘chalaridagi harakat bir muddat to‘xtatildi. Islom taomiliga ko‘ra janoza namozi o‘qilgach, minglab ahli Farg‘ona o‘zining haqiqiy vatanparvar, fidoyi o‘g‘lonini oxirgi yo‘lga kuzatib qo‘ydi...
Muhammadjon Obidov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
O‘zA